2020 yilning 4 yanvar kuni www.pravo.gov.ru rasmiy huquqiy axborot internet-portaliga Rossiya Federasiyasi Hukumatining 2019 yil 31 dekabrdagi 1952-son «Rossiya Federasiyasi Hukumatining 2004 yil 31 dekabrdagi 908-son qaroriga o`zgartirish kiritish to`g`risida»gi qarori joylashtirildi.
O`zbekistonning Moskva shahridagi Elchixonasi ma`lumotiga ko`ra, hujjatga muvofiq 10%li stavka bo`yicha qo`shimcha qiymati solig`i (QQS) solinadigan meva-sabzavot mahsulotlari ro`yxatiga o`zgartirish kiritildi. Xususan, Rossiya hududiga olib kirilganda imtiyozli QQS solinadigan meva-sabzavot mahsulotlari ro`yxati kengaytirildi.
O`zbekistonning asosiy ho`l meva mahsulotlari hisoblanadigan tarvuz, qovun, uzum, anjir, olma, nok, behi, o`rik, gilos, olcha, shaftoli (jumladan nektarin ham), olxo`ri va limonga nisbatan avval amal qilgan 20%li QQS o`rniga 10%li stavka joriy etiladi.
Shuningdek, o`zgarishlar quruq mevalarga nisbatan joriy etilmaydi. Ushbu kategoriya bo`yicha 20%li QQS saqlanib qolindi.
Rossiya qonunchiligiga kiritilgan ushbu o`zgarishlar O`zbekistondan Rossiya bozoriga meva va sabzavotlar eksporti hajmini oshirish uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Hujjatning to`liq matni quyidagi havolaga joylashtirilgan.