Yangi tahrirdagi O`zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiradigan jismoniy shaxslar daromad solig`ini to`lashi belgilandi.
Soliq kodeksida ushbu turdagi faoliyat bilan shug`ullanuvchi jismoniy shaxslar uchun soliq imtiyozlari nazarda tutilmagan. Ta`kidlash joizki, avvalgi tahrirdagi Soliq kodeksida nazarda tutilgan imtiyozlar esa joriy yilning 1 apreliga qadar amalda bo`ladi. Demak, 1 apreldan boshlab konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar daromad solig`ini to`lashi kerak.
Xo`sh, mazkur turdagi faoliyat bilan shug`ullanishni istaydigan jismoniy shaxslarning tadbirkorlik faoliyatini boshlashi tartib-taomili qanday? Dastlab, jismoniy shaxs Davlat xizmatlari markazida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro`yxatidan o`tishi lozim. Keyin konsert-tomosha faoliyati bilan shug`ullanishga ruxsat beruvchi lisenziyani olishi zarur.
Konsert-tomosha faoliyati bilan shug`ullanadigan jismoniy shaxs daromad solig`ini to`lash tartibini tanlashi kerak. Bunda qat`iy belgilangan miqdordagi soliq yoki deklarasiya asosida daromad solig`i tanlanadi. Qayd etish joizki, xizmatlar bo`yicha daromad 100 million so`mdan oshganda yoki aylanmadan soliq 1 milliard so`mdan oshsa, qo`shilgan qiymat solig`i va foyda solig`i to`lanadi.