1 fevral kuni soat 07:10 larda Namangan viloyatida yuz bergan yo`l-transport hodisasi natijasida haydovchi halok bo`ldi. Bu haqda Tergov departamenti Matbuot xizmati xabar berdi.
Pop tumanida yashovchi A.E. ishonch qog`ozi bilan shu tumanda yashovchi B.Q.ga tegishli Nexia rusumli transport vositasini “Farg`ona xalqa” avtomobil yo`lining 10-kilometrida boshqarib ketayotib, uxlab qolganligi tufayli boshqaruvni yo`qotib YTH sodir etgan. Natijada avtomobil ag`darilib ketgan.
Yo`l-transport hodisasi oqibatda haydovchi A.E. voqea joyida halok bo`lgan. Yo`lovchilar Pop tumanida yashovchi Sh.I. va uning farzandi A.M. hamda M.S. olgan tan jarohatlari tufayli shifoxonaga yotqizilgan.
"Departament harakat ishtirokchilarini yo`l harakati qoidalariga amal qilishga, charchoqni sezganda to`xtab, dam olishga chaqiradi. Shundagina ko`zlagan manzilingizga, oilangiz bag`riga eson-omon etib olasiz”, deyiladi xabarda.