1

Maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisiga er ajratishni rad etishga yo`l qo`yilmaydi

Iqtisodiyot 18.02.2020, 10:22
Maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisiga er ajratishni rad etishga yo`l qo`yilmaydi

“Maxsus iqtisodiy zonalar to`g`risida”gi Qonun 17 fevral kuni Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda “Huquqiy Axborot” kanali xabar berdi.

Qonunga muvofiq, maxsus iqtisodiy zona tegishli hududni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun chet el investisiyalari va mahalliy investisiyalarni, yuqori texnologiyalar hamda boshqaruv tajribasini jalb etish maqsadida maxsus ajratilgan, belgilangan chegaralarga va maxsus huquqiy rejimga ega bo`lgan hudud hisoblanadi.

Maxsus iqtisodiy zonalar bo`sh turgan va faoliyat ko`rsatmayotgan davlat mulki ob`ektlari, ma`muriy-hududiy tuzilmalar hududlari negizida, shuningdek qishloq xo`jaligiga mo`ljallanmagan erlarda tashkil etiladi.

Qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan erlar alohida hollarda faqat farmasevtika va agrar yo`nalishidagi maxsus iqtisodiy zonalar uchun berilishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasi maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko`rsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta`minlaydi.

Maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisiga er uchastkasini ajratishni rad etishga yo`l qo`yilmaydi.

✅ Maxsus iqtisodiy zonalar quyidagi turda tashkil etilishi mumkin:

👉 erkin iqtisodiy zonalar;

👉 maxsus ilmiy-texnologik zonalar;

👉 turistik-rekreasion zonalar;

👉 erkin savdo zonalari; 

👉 maxsus sanoat zonalari.

Shuningdek, bunday hududlarda qurol va o`q-dorilar ishlab chiqarish va ularning savdosini olib borish, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish kabi bir qator faoliyat turlarini amalga oshirish taqiqlanadi.

Maxsus iqtisodiy zona O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan 30 yil muddatga tashkil etiladi.

Maxsus iqtisodiy zonaning faoliyat ko`rsatish muddatini uzaytirish, chegaralarini o`zgartirish va uni tugatish Prezident qaroriga binoan amalga oshiriladi.

Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran uch oy o`tgach kuchga kiradi. 

Erkin iqtisodiy zonalar hududida ushbu Qonun kuchga kirgunga qadar erkin iqtisodiy zonalar direksiyalari tomonidan ro`yxatga olingan va investisiya loyihalarini amalga oshirayotgan erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari uchun qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar ular taqdim etilgan muddat o`tguniga qadar saqlab qolinadi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1