my5
all

Hukumatning yangi ipoteka siyosati ma`lum qilindi

Iqtisodiyot 24.02.2020, 17:47
Теглар: ipoteka, siyosat
1346
Hukumatning yangi ipoteka siyosati ma`lum qilindi

Hukumat ipoteka krediti shartlarini engillashtirdi, shuningdek, alohida toifaga mansub aholi uchun byudjetdan subsidiya ajratmoqda. Joriy yilda 17 mingdan ortiq uy-joy qurilishi boshlanadi, shunda 13 mingdan ortiq oila imtiyozli taklif bilan sharoitini yaxshilab olishi mumkin.

O`zbekiston Moliya vazirligi prezidentning tegishli farmoniga muvofiq shahar va qishloq joylarida uy-joylarni qurish va ipoteka krediti orqali sotishning yangi tartibini e`lon qildi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri Moliya vazirligi ma`lumotiga tayangan holda xabar bermoqda.

Unga ko`ra, uy-joy qiymati maydon kengligi bilan narxlanadi. Narxlar esa uchta kategoriyada 1 kvadrat metr uchun taqdim etilgan: qishloq joylarda (4,3 mln so`m), shaharda (5 mln so`m), Toshkent shahrida (5,5 mln so`m). Masalan, ikki xonali namunali xonadon uchun (45 kv. m bo`lgan taqdirda) qishloq joylarda 193 mln 500 ming so`m, shaharda 225 mln so`m, Toshkent shahrida esa 247 mln 500 ming so`m to`lanadi. Rejalashtirilgan uy-joyning chegaralangan maydoni va qiymati o`rnatilmaydi.

Qishloq joylarda uy-joylar Andijon, Buxoro Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Farg`ona viloyatlari shaharlariga va tuman ma`muriy markazlariga tutash hududlarda quriladi (jami xonadonlar soni 4000ta).

Shaharlarda uy-joylar Qoraqalpog`iston, viloyatlar shaharlari va Toshkent shahrida quriladi (jami 13 ming 750ta).

Ko`p kvartirali uy-joyning qurilishi qishloq joylarda ham, shaharlarda ham tadbirkorlik sub`ekti tomonidan o`z mablag`lari, tijorat banklaridan olingan kreditlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Ko`p kvartirali uy-joylarni qurish uchun qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan sug`oriladigan erlar va o`rmon fondi erlari toifasiga kirmaydigan, tashqi muhandislik-transport kommunikasiyalariga chiqish imkoniyatiga ega bo`lgan va aholi zich yashaydigan joylashgan bo`sh er ajratiladi.

Tortib kelinadigan muhandislik kommunikasiyalari markazlashtirilgan manbalar hisobidan hamda tegishli ravishda «Hududiy elektr tarmoqlari» va «Hududgazta`minot» korxonalarining o`z mablag`lari hisobidan amalga oshiriladi.

Ta`kidlanishicha, shaharlarda ipoteka kreditining eng ko`p miqdori 80 foizgacha bo`lishi mumkin. Qishloq joylarida qurilgan uy-joy uchun ipoteka krediti 90 foizgacha taqdim etiladi. Ya`ni ipoteka shartlari bilan uy-joy sotib olmoqchi bo`lgan shaxs xonadon umumiy qiymatidan 10 foiz (qishloq joylarida) yoki 20 foizni (shaharlarda) to`lashi lozim. Masalan, uch va undan ko`p xonali kvartira uchun (58 kv. m bo`lgan taqdirda):

  • qishloq joylarida uy-joyning boshlang`ich badal to`lovi 24 mln 940 ming so`m;
  • shaharlarda 58 mln so`m (subsidiya berilgan taqdirda 29 mln so`m);
  • Toshkentda 63 mln 800 ming so`m (subsidiya berilgan taqdirda 31 mln 900 ming).

Subsidiya puli past daromadli va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo`lgan 13 mingdan ortiq oilaga byudjetdan ajratiladi.

Subsidiya — ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olish uchun boshlang`ich badal va (yoki) kredit foiz to`lovlarining bir qismini qoplash maqsadida davlat byudjetidan fuqaro uchun bankda uning nomiga ochilgan tegishli hisob-varag`iga o`tkazilgan mablag`lar.

Qishloq joylarda subsidiya ipoteka krediti foizining bir qismini to`lash uchun, shaharlarda esa ipoteka krediti bo`yicha boshlang`ich badal va foiz to`lovlarini bir qismini to`lash uchun ajratiladi. Bunda:

  • qishloq joylarda — 2400 oilaga birinchi besh yil davomida ipoteka krediti bo`yicha foiz to`lovlarining bir qismi uchun — 10 foizlik punktdan oshgan qismiga byudjetdan subsidiyalar ajratiladi;
  • shaharlarda — 10,8 ming oilaga ipoteka krediti bo`yicha boshlang`ich badal va foiz to`lovlarining bir qismi uchun byudjetdan subsidiyalar ajratiladi.

Past daromadli va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo`lgan aholining alohida toifalariga quyidagilar kiritiladi:

  • uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalar;
  • og`ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin- qizlar;
  • yoshlar ittifoqi;
  • mehnat migrantlari;
  • etimlar;
  • og`ir kasallikka chalinganlar va nogironlar.

Ipoteka krediti 15 yil muddatga banklar tomonidan rasmiylashtiriladi. Kreditning foiz stavkasi bozor shartlari asosida 20 foiz atrofida bo`lishi kutilmoqda. Subsidiya ajratish masalasida hududlardagi Davlat xizmatlar agentligiga 1 martdan e`tiboran murojaat qilish mumkin.

Шарҳлар