AsosiySavol-javob

Hech kim yashamaydigan uyga uy to`lovi to`lanadimi?

'Hech kim yashamaydigan uyga uy to`lovi to`lanadimi?'ning rasmi

— Bir xonali kvartira sotib olgandim. Hech kim yashamasa-da, uy to`lovi to`lashga majburmanmi? Agar shunday bo`lsa, nimaga asosan? 

F. Xandamova, Toshkent viloyati

Umarjon MAMAROZIQOV, “Yagona hisob-kitob markazi” DUK faoliyatini muvofiqlashtirish bo`limi boshlig`i: 

— Uy-joy kodeksining 8-moddasida sotib olin­gan uylar Xusu­siy uy-joy fondiga kiradi, deb belgilangan.

Uyning oldi­-sotdi shartnomasi yozma shaklda, taraflar imzolagandan keyin, hamda u notarial tasdiqlangan paytdan boshlab, turar joyga bo`lgan mulk huquqi vujudga keladi (14-modda).

Ko`p kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka nisbatan ulushli mulk ishtirokchisining ulushi, shu uyning umumiy maydonidagi unga qarashli joy maydoni ulushiga mos bo`ladi (125-modda).

Ko`p kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka nisbatan ulushli mulk ishtirokchisi uni saqlash, shuningdek, shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari bo`lgan er uchastkasini saqlash bo`yicha umumiy xarajatlarni uyning umumiy maydonidagi o`ziga qarashli joy maydoniga mutanosib ravishda o`z zimmasiga oladi (126-modda).

Ushbu kodeksning 132-moddasida:

Ko`p kvartirali uydagi turar joy va yashash uchun mo`ljallanmagan joylar mulkdori o`ziga qarashli turar joyni o`z hisobidan tegishli texnik va sanitariya holatida saqlaydi. Shuningdek, ko`p kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni va shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari bo`lgan er uchastkasini saqlash bo`yicha umumiy xarajatlarni o`z zimmasiga oladi.

Ko`p kvartirali uydagi turar joy va yashash uchun mo`ljallanmagan joylar mulkdorlari umumiy xarajatlarni, qoida tariqasida, majburiy badallar shaklida, birgalikda zimmalariga oladilar. Bu badallar ko`p kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni boshqarish, unga xizmat ko`rsatish, uni joriy va kapital ta`mirlash hamda ko`p kvartirali uyga tutash, obodonlashtirish elementlari bo`lgan er uchastkasini saqlash xarajatlarining o`rnini qoplashi kerak.

Mulkdorning ko`p kvartirali uydagi o`ziga qarashli turar joy va yashash uchun mo`ljallanmagan joylardan foydalanmasligi, yoxud umumiy mol-mulkdan foydalanishdan voz kechishi, uni ko`p kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni hamda shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari bo`lgan er uchastkasini saqlash bo`yicha umumiy xarajatlarda ishtirok etishdan to`liq yoki qisman ozod qilmaydi, deb belgilab qo`yilgan.

Sadoqat ALLABERGANOVA

    Boshqa yangiliklar