1

Xalqaro bozorlardagi qaltis vaziyat O`zbekiston iqtisodiyotiga ta`sir qiladimi?

Iqtisodiyot 10.03.2020, 17:18
Teglar: vaziyat, iqtisodiyot
Xalqaro bozorlardagi qaltis vaziyat O`zbekiston iqtisodiyotiga ta`sir qiladimi?

O`zbekiston iqtisodiyot va sanoat vaziri Jamshid Qo`chqorov o`zining tvitter sahifasida jahon moliya va xom ashyo bozorlaridagi oxirgi o`zgarishlarning O`zbekiston iqtisodiyotiga ta`sirini o`rganish bo`yicha yig`ilish tafsilotlari haqida ma`lum qildi.

Vazir Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Markaziy bank hamda Moliya vazirligi rahbar va mas`ul xodimlari ishtirokida o`tkazilgan muhokamalar natijalari bo`yicha quyidagilarni qayd etadi:

- gaz va neft narxining pasayishi sababli ayrim mamlakatlar milliy valyutasining devalvasiyasi eksport tushumlarimizga salbiy ta`sir ko`rsatadi. Shu bilan birga, neft va gaz narxi pasayishining ichki bozorga ijobiy ta`siri ham o`rganib chiqiladi. Xalqaro tovar va moliya bozorlarida yuzaga kelgan vaziyatni so`mning almashuv kursiga ta`sirini hozircha neytral deb baholaymiz;

- gaz narxi pasayishi sababli Davlat byudjeti daromadlarining yo`qotishlari oltin narxining yuqori ekanligi hisobiga to`liq qoplanadi. Umuman olganda, Davlat byudjeti barcha majburiyatlarini to`liq ta`minlash imkoniga egadir;

- mazkur masala bo`yicha asosiy savdo hamkor davlatlarimiz rasmiy idoralarining 9-martdagi bayonotlarini, asosiysi, ularning makroiqtisodiy barqarorlikni ta`minlashga bo`lgan jiddiy rejalarini ijobiy baholaymiz;

- xalqaro moliya va tovarlar bozorlarida yuzaga kelgan qaltis vaziyatning O`zbekiston iqtisodiyotiga ta`sirining ko`lami birinchi navbatda ushbu tebranishlarning qanchalik uzoq muddat davom etishiga bog`liqdir.

Qayd etilishicha yuzaga kelgan vaziyatning O`zbekistondagi makroiqtisodiy barqarorlikka salbiy ta`sirini minimallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishga kirishilgan. Shu maqsadda uchta idora vakillaridan iborat maxsus ishchi guruhi tuzilgan.

Joriy yilning 13 mart kuni Moskva shahrida MDH davlatlari iqtisodiy kengashining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tadi. Unda ushbu masala muhokama qilinadi.

Ishchi guruhi va tegishli idoralar jahon moliya va xomashyo bozorlaridagi o`zgarishlarni diqqat bilan kuzatib boradilar va ommaviy axborot vositalari orqali ma`lumot berib turadilar.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1