1

O`zMTDP: "Do`konlar nomi nega o`zga tilda yoxud ona tilimizga hurmat shumi?!"

Jamiyat 13.03.2020, 09:45
O`zMTDP: "Do`konlar nomi nega o`zga tilda yoxud ona tilimizga hurmat shumi?!"

O`zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 30 yildan oshgan bo`lsa-da, hamon ona tilimizda to`g`ri yozolmayapmiz, eplab gapirolmayapmiz. Ayniqsa, Toshkent ko`chalarini aylanib, haqiqatan ham o`zingizni go`yo Moskva yoki Evropa shaharlarida yurgandek his qilasiz. Chorak asrdan buyon o`zbek tiliga bo`lgan e`tiborni kuchaytirish, til me`yorlariga amal qilishimiz lozimligi haqida ko`p va xo`p gapirib kelyapmiz, siyqasi chiqquncha yozdik, hamon yozayapmiz, lekin natijasi eski tos, eski hammom.

Yaqinda O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokartik partiyasi dasturiy vazifalaridan kelib chiqib, Toshkent shahrining Chilonzor, Olmazor va Shayxontahur tumanlarida joylashgan jamoat joylari, ta`lim va sog`liqni saqlash muassasalari, bozorlarda “Davlat tili haqida”, “Reklama to`g`risida” va “Lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini joriy etish to`g`risida”gi qonunlar normalarining qo`llanilishi darajasini o`rgandi.

Partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a`zolari, partiya Markaziy va Toshkent shahar kengashi faollaridan iborat ishchi guruh poytaxtimizning turli hududlarida o`rganish olib bordi va va bu boradagi ahvol tasavvurimizdagidanda yomon ekan, degan xulosaga kelindi.

Aniqlanganidek, xizmat ko`rsatish va savdo shaxobchalari peshtoqiga yozilgan lavhalar, e`lon va narxnomalarning 70-80 foizi rus va boshqa tillarda yozilgan. O`zbek tilida bitilganlari esa atigi 15-20 foizni tashkil qiladi, xolos. Aralash tillarda yozilganlari ham ko`p. “Open”, “close”, “sale”, “market”, “boutique”, “Tort city”, “Sity”, “balansirovka”, “parfum” kabi odamning ensasini qotiradigan so`zlar har qadamda uchraydi. Ayrimlari shunchalik xatoliklar bilan yozilganki, o`qigan odamda buni yozgan shaxs maktab ko`rmagan bo`lsa kerak, degan tasavvur paydo bo`ladi.

— Chilonzor tumanining Qatortol va Chilonzor ko`chalaridagi savdo va xizmat ko`rsatish shaxobchalari peshtoqidagi xatoliklarga asosan xususiy tadbirkorlar tomonidan yo`l qo`yilgan, — deydi O`zMTDP fraksiyasi a`zosi A`zamjon To`laboev. — O`zbekiston Respublikasi “Davlat tili haqida”gi qonunning 20-moddasida lavhalar, e`lonlar, narxnomalar va boshqa ko`rgazmali hamda og`zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtirilishi, e`lon qilinishi va boshqa tillarda tarjimasi berilishi ko`rsatilgan bo`lsa-da, bu talabga umuman rioya qilinmagan. Hamma bilganicha va o`zi xohlagan tilda, yozuvda yozavergan. Menimcha, tadbirkorlar uchun davlat tilidan boshqa tillarda reklama berish yoki peshlavhalarni tayyorlash — biznes muvaffaqiyatining kalitiga aylangan. Ya`ni, «Qaysi tilda yozsang yoz, faqat o`zbek tilida yozma» qabilida ish tutilgan.

Mayli, xususiy tadbirkorlarni qo`yib turaylik, davlat muassasalarida ham “Davlat tili haqida”gi va “Lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini joriy etish to`g`risida”gi qonunlarga amal qilmayapti. Maktabgacha ta`lim tashkilotlarida ham lotin, ham krill alifbosidan foydalanilyapti, devorlarga osilgan e`lon va lavhalarda ko`plab grammatik xatoliklarga yo`l qo`yilgan. Jamoat transportlaridagi yozuvlar ham lotin, ham kirillda bo`lib, so`zlarni xato yozish odatiy holga aylangan.

— Til va yozuvimizning bunday ahvolga kelib qolganining asosiy sababi, qonunbuzarlarni jazolaydigan, nazorat qiladigan tashkilotning yo`qligida deb bilaman, — deydi Oliy Majlis Qonuchilik palatasi deputati, O`zMTDP fraksiyasi a`zosi Abumalik Akramov.  — Masalan, yo`l qoidasini buzsangiz, DAN xodimi tezda jarimaga tortadi. Soliqlarni o`z vaqtida to`lamasangiz, majburiy ijro byurosi darrov eshigingizni taqillatadi. Lekin qonun yo`li bilan tartibga solingan Ona tilimiz me`yorlarini buzsangiz, hech kim sizni bezovta qilmaydi. O`zbekiston Respublikasining “Ma`muriy javobgarlik to`g`risida”gi kodeksining 42-moddasida Davlat tili to`g`risidagi qonun hujjatlariga rioya qilmaganlarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan ikki baravarigacha bo`lgan miqdorda jarima solinishi ko`rsatib o`tilgan bo`lsa-da, uning ijrosi bilan hech kim shug`ullanmagan. Shu sabab, hamma bilgan kuyini chalmoqda.

— “Reklama to`g`risida”gi qonunning 20-moddasida reklama tarqatuvchilar reklama uchun ajratilgan efir vaqti, nashr yoki reklama maydoni umumiy yillik hajmining 5 foizidan kam bo`lmagan hajmda ijtimoiy reklamali axborotni joylashtirishi shartligi belgilangan, — deydi O`zMTDP fraksiyasi a`zosi Muborak Ahmedova. — Lekin shahar ko`chalarini aylanib, ijtimoiy rekalamalarga deyarli ko`zimiz tushmadi. Borlari ham ijtimoiy reklamalarning atigi 1-2 foizni tashkil qiladi, xolos.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining davlat tilining qo`llanilishi bo`yicha nazorat-tahlil tadbiri yuzasidan olib borilgan dastlabki o`rganishlardan quyidagi xulosaga kelindi.

“Davlat tili haqida”, “Reklama to`g`risida” va “Lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini joriy etish to`g`risida”gi qonunlar normalarini tanqidiy tahlildan o`tkazish zarur. Til normalari bilan bog`liq qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish va o`zbek tilini o`rganish bo`yicha zarur choralar ko`rilishi lozim.


O`zMTDP Axbrot xizmati

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1