Microsoft kompaniyasi 40 yoshda

Hi-tech 04.04.2015, 20:45
Microsoft kompaniyasi 40 yoshda

Bugun hayotimizga ulkan o`zgarishlar olib kirgan Microsoft kompaniyasiga asos solinganiga 40 yil to`ladi. Shu munosabat bilan ushbu kompaniyaning tarixini yodga olamiz.

Kompaniya tarixi 1975 yilda boshlangan. O`shanda elektronika sohasiga qiziquvchi ikki o`rtoq – Pol Allen va Billi Geyts Popular Electronics jurnalida Altair 8800 mikrokompyuteri haqida maqola o`qib qolishdi. Ular bu kompyuter uchun BASIC dasturiy interpretatorini yaratishga qaror qilishdi.

Yosh tadqiqotchilar (o`shanda Allen 22 yoshda, Geyts 20 yoshda edi) Altair kompyuterini yaratgan MITS kompaniyasi bilan shartnoma tuzishga erishdi. Oradan ikki oy o`tgach, 1975 yilning 4 aprelida Micro-soft kompaniyasiga asos solindi (dastlab kompaniya nomi Micro-soft qabilida ikkiga ajratib yozilar edi, bu nomni o`ylab topgan Allen uni ikkita so`zning qisqartmasidan olgan edi: microprocessor (mikroprosessor) va software (dasturiy ta`minot).

Oradan uch yil o`tar-o`tmas, Yaponiyada kompaniyaning vakolatxonasi ochiladi. 1981 yilda IBM PC kompyuterining sotuvga chiqarilishi yosh tijoratchilarning eng katta yutug`i bo`ldi. Kompyuterga o`rnatilgan MS-DOS tizimiga 86-DOS dasturi asos sifatida olingan bo`lib, uni Geyts va Allen Seattle Computer Products kompaniyasidan sotib olgan va qayta ishlab chiqqan edi.

Microsoft shuhratini butun dunyoga yoygan mahsulot – Windows tarixi 1984 yildan boshlanadi. O`shanda bu dastur buyruqlar panelidan iborat MS-DOS dasturiga grafik tus beradigan “qolip” edi, xolos. 80-yillarning kompyuter bilan buyruqlar orqali to`g`ridan-to`g`ri ishlashga o`rgangan odamlari dastlab bu nodir topilmani to`g`ri baholay olishmadi, lekin oradan yillar o`tib, grafik interfeys buyruqlar panelini butunlay siqib chiqardi. XXI asr odami kompyuterni boshqacha tasavvur qila olmaydi.

Qizig`i shundaki, oldinroq shunga o`xshash interfeys Macintosh kompyuterlari uchun ishlab chiqilgan edi. Shu tufayli Stiv Jobs o`z vaqtida Bill Geytsni o`g`rilikda ayblagan. Bunga javoban Geyts g`oyaning birinchi muallifi Xerox kompaniyasi ekanligini eslatib o`tgan: “Bizning Xerox ismli boyvachcha qo`shnimiz bor edi, men uning uyiga televizorini o`g`irlash uchun kirib qarasam, sen bu ishni mendan oldin qilib bo`libsan”.

Geytsning hamkori va yaqin do`sti Pol Allen 1983 yilda deyarli barcha aksiyalarini Geytsga sotib, biznesni tark etgan edi. U aksiyalarning bir qismini saqlab qolgani bois kompaniyaning direktori kengashidagi o`rnini yo`qotmadi.

O`sha yilning o`zida kompaniya mijozlarga yangi ishlanmani taqdim etdi - Microsoft Mouse deb atalgan ushbu moslamasiz bugun ko`pchilik kompyuterdan foydalanishda qiynalib qolishsa kerak. Sichqonchani yaratishdan asosiy maqsad ham shu edi – kompyuterda ishlashni, ayniqsa Word redaktoridan (Office paketiga kiruvchi boshqa dasturlar keyinroq paydo bo`lgan, jumladan, Excel 1985 yilda, PowerPoint 1987 yilda ishlab chiqilgan) foydalanishni osonlashtirish.

90-yillar boshida Windows haligacha MS-DOS dasturiy ta`minotining ust qoplamasi hisoblanar edi. Nihoyat 1995 yilda uning o`zi mustaqil dasturiy ta`minotga aylanib, MS-DOS’ni siqib chiqardi. Shu tariqa Windows 95 dunyo yuzini ko`rdi.

Windows 95 ga asoslangan dasturiy ta`minotlarning juda ko`p versiyalari ishlab chiqildi, bu boradagi ishlanmalar kompaniya tomonidan bugungi kunga qadar olib borilmoqda. Soha mutaxassislarining e`tibor berishicha, ishlab chiqilayotgan va keng ommaga taqdim etilayotgan dastriy ta`minotlarning biri muvaffaqiyat qozonsa, keyingisi albatta omadsizlikka uchraydi. Aytaylik, XP foydalanuvchilarga ma`qul tushgan bo`lsa, Vista o`z muxlislari davrasiga ega bo`la olmadi. Undan keyingi model - Windows 7 ham omadli ishlanma deb topildi. Bil`aks, Windows 8 xarajatlarini oqlashga ulgurmasdan unutildi.

90-yillarda kompaniya mobil aloqa vositalari bozoriga kirib kela boshladi. 1996 yilda stilus yordamida matn yozishga mo`ljallangan kommunikatorlar uchun Windows CE dasturiy ta`minoti ishlab chiqildi. 2000 yilda esa uning o`rnini Pocket PC platformasi egalladi. Aytishlaricha, o`sha yillarda bu platformada ishlovchi kommunikator o`zini hurmat qiladigan har bir biznesmenning cho`ntagida bo`lgan ekan.

Uyali telefonlar hamda smartfonlarning turli rusumlari boshqa har qanday mobil aloqa vositalariga o`rin qoldirmagan bugungi zamon shart-sharoitlaridan kelib chiqqan kompaniya Finlyandiyaning Nokia kompaniyasining mobil bo`linmasini xarid qilib, Lumia smartfonlari ishlab chiqarishni 2023 yilga qadar o`z tasarrufiga oldi.

Microsoft kompyuter o`yinlari bozorida ham o`z ulushiga ega. Uning tomonidan 2001 yilda yaratilgan Xbox One konsoli Sony Playstation kompaniyasining asosiy raqobatchisi hisoblanadi, Yaponiyaning raqamli o`yinlar giganti Nintendo’dan esa allaqachonlar o`zib ketgan. Konsolning ikkinchi modeli - Xbox 360 tarixdagi eng xaridorgir o`yin moslamalaridan biri deb tan olingan.

Bundan tashqari, Microsoft kompaniyasi musiqa pleerlari ishlab chiqarishga ham, “aqlli” soatlar bozoriga ham qiziqish bildirib kelmoqda. Kompaniyaning bunday faolligi Apple korporasiyasi bilan raqobat natijasidir. Ikki gigant tilga olingan barcha tarmoqlarda kim o`zarga harakat qilib, turli-tuman moslama va qurilmalar ishlab chiqarishadi. Bu qarama-qarshilikda goh u tomon, goh bu tomon g`alaba qozonadi. Aytaylik, kompyuter bozorida Microsoft so`zsiz etakchi bo`lsa, u ishlab chiqargan audipleerlar va planshetlar Apple mahsulotlari bilan raqobatlasha olmagan. 2008 yilda Bill Geytsning o`rnini yangi rahbar –

Stiv Balmer egallagandan so`ng Microsoft’ning mag`lubiyatlari soni yanada ko`payib bordi. Microsoft mutasaddilari korporasiyaning uchinchi rahbari Satya Nadellaga umid bog`lamoqdalar. Nadella bu ishonchni oqlash maqsadida korporasiya strukturasida jiddiy o`zgarishlar amalga oshirmoqda, ishlab chiqarish jarayonini xizmat ko`rsatish tarmog`iga yo`naltirishga harakat qilmoqda. Matbuotning fikricha, Nadellaning davriga kelib korporasiya nihoyat “zerikarli” statusidan qutulib, o`zining asosiy raqibi Apple’dan “o`ziga xos” statusini tortib olmoqda.

Kompaniya rahbarligini topshirgan Bill Geyts direktorlar kengashining raisi bo`lib qolmoqda. Mishmishlarga qaraganda, Nadellaning olib borayotgan siyosatiga, jumladan, biznes modelini ko`proq xizmat ko`rsatish sohasiga qaratish singari tashabbuslarda Geytsning qo`li yo`q emas.

Nima bo`lganda ham, 40 yildan buyon Microsoft IT sohasining etakchisi bo`lib qolmoqda. Kompaniya va uning jamoasi yana uzoq yillar davomida hayotimizni texnik vositalar va yangi imkoniyatlar bilan boyitib borsa ne ajab.

Manba: xabardor.uz


 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1