“The Wall Street Journal” nashrining yozishicha, Chikago savdo birjasida bug`doy narxi 15 foizga ko`tarilib, tonnasi 313 dollarni tashkil etdi. Jahon bozorida yuqori baholanadigan Tailand guruchining narxi yil boshidan buyon 17 foizga oshib, ayni payt tonnasi 490 dollardan baholangan.
Ta`kidlanishicha, koronavirus pandemiyasi ta`sirida butun dunyo bo`ylab oziq-ovqat mahsulotlariga talab oshishi natijasida narx-navo o`sishda davom etmoqda.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash uchun bir qator davlatlar eng zarur mahsulotlar eksportini cheklamoqda. Jumladan, Rossiya, Qozog`iston va Ukraina bug`doy eksportiga vaqtincha cheklov e`lon qildi.
“Guruch ishlab chiqarish bo`yicha jahonda etakchi hisoblangan Vetnam ham ushbu mahsulot eksportini cheklash niyatida“, deb yozadi “Bloomberg”. O`z navbatida, doimiy ravishda bug`doy va guruch import qilib kelgan boshqa davlatlar ham narxni ko`targan.
AQSh Qishloq xo`jaligi vazirligi ma`lumotiga ko`ra, 2019-2020 yillarda sayyoramiz bo`ylab ishlab chiqarilgan tozalangan guruch miqdori rekord darajaga — 500 million tonnaga etdi. Dunyo zaxiralari esa 180 million tonnani tashkil etadi. Bu tarixiy maksimal ko`rsatgichdir.