AsosiyJinoyat

Navoiyda singlisini doimiy kaltaklab, tazyiq o`tkazib kelgan yigit javobgarlikka tortildi

'Navoiyda singlisini doimiy kaltaklab, tazyiq o`tkazib kelgan yigit javobgarlikka tortildi'ning rasmi

1999 yil tug`ilgan, Karmana tumani, “Farhod” MFYda istiqomat qiluvchi K.L. ism-familiyadagi qizning tan jarohati olgan holda shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda Karmana tuman tibbiyot birlashmasi hamshirasi tuman IIBga telefon orqali ma`lum qilgan. 

 Tuman IIB HPBning olib borgan surishtiruv natijalariga ko`ra, K.L. birga yashovchi 1989 yil tug`ilgan o`gay akasi Sh.B. tomonidan kaltaklangan bo`lib, Sh.B. o`zaro oilaviy kelishmovchiliklar natijasida bir necha bor zo`ravonlik va tazyiqlar o`tkazib kelgan. Tuman IIB tomonidan Sh.B. O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 52-moddasiga asosan javobgarlikka tortildi.

1988 yil tug`ilgan, Uchquduq tumani, “O`zbekiston” ko`chasida yashovchi fuqaro A.Yu. Uchquduq tumani IIBga ariza bilan murojaat etib, birga yashovchi turmush o`rtog`i, 1982 yil tug`ilgan Z.D. tomonidan o`zaro oilaviy kelishmovchilik natijasida murosaga kela olmayotganligini, turli va`jlar bilan kaltaklanib, tan jarohati olganligini ma`lum qilgan. 

Uchquduq tumani IIB HPB o`rganishlari natijasida, Z.D. aybdor deb topilib, O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 52-moddasiga binoan javobgarlikka tortilgan.

Erkak kishining mehri hamda hurmat-e`tibori ayollar(ona, opa-singil, turmush o`rtog`i) uchun dunyolarga sig`mas baxtni tuhfa etishga qodir. Achinarlisi, oila deya atalmish muqaddas qo`rg`onda murosayu madora ila hamjihatlikda baxtli hayot kechirish o`rniga, yigitlik sha`ni, g`ururi, or-nomusini toptab, ojizaga o`z kuchini ko`rsatayotgan “mushtumzo`r”larning xatti-harakati jamiyatimizdagi ayollarning o`zligini yo`qotishiga sabab bo`lishi mumkin. Shuni alohida ta`kidlash joizki, Navoiy viloyati IIO xodimlari xotin-qizlarni tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilish maqsadida og`zaki va yozma murojaatlar yuzasidan tezkor choralar qo`llash bilan birga, o`rganilgan salbiy holatlar jarayonida zo`ravonlikdan jabr chekayotgan xotin-qizlarga himoya orderi berib, ularni xohish-irodasiga zid bo`lgan xatti-harakatlardan himoya qiladi.

 

    Boshqa yangiliklar