AQSh prezidenti Donald Tramp 30 may kuni kechasi Oq uy qarshisida sodir bo`lgan norozilik namoyishi vaqtida Vashington markazidagi erosti bunkeriga yashiringani ma`lum bo`ldi. Bu haqda The New York Times ga tayanib Daryo nashri xabar berdi.
Ma`lumotlarga ko`ra, Tramp bunkerda bir soatga yaqin bo`lgan. Bundan tashqari, bunkerga Tramp bilan birga uning turmush o`rtog`i Melaniya va o`g`li Berron ham tushgan. Ta`kidlanishicha, Tramp Oq uy qarshisidagi norozilik namoyishlari sabab «g`aflatda qolgan». Yuzlab namoyishchilar bino tomon harakatlangan, AQSh Maxfiy xizmati va polisiya xodimlari ularni to`xtatishga uringan. Namoyishchilar huquq-tartibot xodimlariga g`isht va shisha idishlar otgani sabab ularga qarshi ko`zni yoshlantiruvchi aerozoldan foydalanishga to`g`ri kelgan.
Maxfiy xizmat xodimlarida Oq uy binosi xavf ostida bo`lganda prezidentni himoya qilish bo`yicha protokollar mavjud. Biroq Oq uy Tramp chindan ham bunkerga tushgan yoki tushmaganini tasdiqlashdan bosh tortgan.
NYT’ning ta`kidlashicha, 2001 yil 11 sentyabrda sodir bo`lgan terrorchilik hujumi vaqtida AQShning 43-prezidenti Jorj Bush va o`sha vaqtdagi vise-prezident Dik Cheyni erosti bunkerida bir qancha muddat yashiringan. Shundan so`ng, bunker deyarli ishlatilmagan.
Eslatib o`tamiz, AQShda tartibsizliklar va polisiya bilan to`qnashuvlarga olib kelayotgan norozilik namoyishi 25 may kuni Minneapolisda polisiya tomonidan qo`lga olingan 46 yoshli afro-amerikalik Jorj Floyd vafot etganidan so`ng boshlandi. Mamlakatning 25 ta shahrida ommaviy noroziliklar sabab komendantlik soati e`lon qilingan.