So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar va OAVda muhokamalarga sabab bo‘layotgan xabar – “AI-92” rusumli benzinning arzonlashgani bo‘ldi. Bu yangilik ko‘pchilikda bir qarashda ijobiy taassurot uyg‘otsa-da, masalaning ichki qatlamiga nazar tashlasak, u faqat narxning tushishi emas, balki muhim tizimli o‘zgarishlar boshlanishi bo‘lishi mumkinligiga sha’ma qiladi.
Narx pasaygani rost. Ammo sababi-chi?
“O‘zbekneftgaz” AJ rasmiy axborotiga ko‘ra, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida “AI-92” rusumli benzinning bir tonnasi birja savdolarida 12 mln 881 ming so‘mdan 12 mln 628 ming so‘mga tushirilgan. Bu 1 litr uchun 9 400 so‘m atrofida boshlang‘ich narx degani. Tushunarli, aniq raqam. Ammo bu kamayish nimaning evaziga ro‘y berdi?
Mutasaddilar bu holatni "ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish", "tannarxni kamaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar" bilan izohlashmoqda. Ajoyib. Ammo bu chora-tadbirlar aynan qanday amalga oshirildi? Yo‘qotilgan milliardlar, zararli shartnomalar, vaqti-vaqti bilan yuzaga chiqadigan korrupsiyaviy xavflar haqida nega hech narsa deyilmayapti?
Benzin sifati – narxdan muhimroq masala
“AI-92” benzinining narxi arzonlashdi, lekin sifati haqida nima deya olamiz? Bu benzin bizga neft eksport qiluvchi mamlakatlardan keltiriladimi yoki o‘zimizda to‘liq ishlab chiqarilyaptimi? Buxoro zavodining texnologik yangilanishi, uning ekologik mezonlarga javob berishi, avtomobil dvigatellariga zararsizligi masalalari ham kun tartibida bo‘lishi kerak.
Narxni arzonlashtirish – yaxshi, ammo sifat nazoratini kuchaytirish – bu ham shunday muhim omil. Xalq arzon, lekin tez yonib, dvigatelni ishdan chiqaradigan benzin emas, barqaror va uzoq yillik foydalanishga yaroqli yoqilg‘i istaydi.
Bozor islohotlari: haqiqiymi yoki soxta barqarorlikmi?
“O‘zbekneftgaz” kompaniyasining bozor barqarorligi, ichki iste’molchiga sodiqlik kabi so‘zlar bilan bezatilgan strategiyasi juda yaxshi eshitiladi. Lekin bu strategiyalar qancha real bozor sharoitlariga asoslangan? Bugungi kunda benzin narxi pastlagani rost, ammo bu narxlar haftasiga bir marta o‘zgarib turadigan, sun’iy taqchillik sababli shaxsiy AYOQSHlarda boshqa tariflar qo‘llaniladigan bozorda qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Shu o‘rinda muhim savol: benzin arzonlashgani iste’molchi sezadigan real yengillikka olib keladimi yoki bu faqat statistikada qoladimi?
Narx pasaydi – umid uyg‘ondi
“AI-92” narxining arzonlashgani – bu, albatta, e’tirofga loyiq holat. Davlat rahbarining topshirig‘i asosida bu boradagi ishlar olib borilayotgani – tizimda xalq manfaatini ko‘zlash harakati borligini anglatadi. Ammo bu faqat boshlanish. Oldinda sifat, nazorat, shaffoflik va eng asosiysi — raqobatbardosh, iqtisodiy jihatdan pishiq yoqilg‘i siyosati shakllanishi zarur.
Yoqilg‘i bozori xalq uchun nafaqat transport, balki iqtisodiyotdagi barqarorlik o‘lchovi bo‘lishi kerak. Narxlarni vaqtincha tushirish emas, tizimli va uzoq muddatli yengillik keltiruvchi islohotlar bu yo‘ldagi asosiy mezon bo‘lishi kerak.