“Mening yurtim” telekanalida namoyish etilayotgan, hind kinoijodkorlari tomonidan tayyorlangan “Muhabbat tafti” (“Iss Pyaar Ko Kya Naam Doon?”) seriali ilk bor 2011 yil 6 iyun Hindistonda ekran yuzini ko`rgan.
Mazkur serialda jamiyatning har bir qatlami a`zolari haqida so`z yuritiladi. Asosiy urg`u hind milliy qadriyatlari — oila, opa-singil, aka-uka va qarindosh-urug` o`rtasidagi o`zaro munosabatlarga qaratiladi. Serialning o`ziga xos jihati shundaki, uning ayrim joylari mashhur “Sohibjamol va maxluq” multfilmi syujetlariga o`xshab ketadi.
Film haqida qisqacha
Kxushi Kumari Guptaning ota-onasi avtohalokat sabab dunyodan o`tadi va uni Lakxnau shahridagi qandolatchi oilasi asrab oladi. U tutingan opasi Payalni juda yaxshi ko`radi, biroq ko`ngilsiz bir hodisa tufayli u opasining to`yi buzilishiga sababchi bo`lib qoladi. Bu esa otasining moliyaviy tang ahvolga tushishiga ham sabab bo`ladi. Qizlar o`zlari yashab turgan joyni tark etib, yangi shahar va yangi taqdir o`yinlari sari yo`l olishadi. Kxushi ushbu vaziyatdan qanday chiqadi? Buzilgan to`y oqibatida opa-singillarning taqdiri qay darajada o`zgarib ketadi? Ularni oldinda yana qanday sinovlar kutyapti? Arnav Singx bilan bo`lgan tasodifiy to`qnashuv uning hayotini keskin o`zgartirib yubordi. Janjal bilan boshlangan bu uchrashuv ikki yosh uchun qanday sinovlarni va`da qiladi? Muhabbatmi yoki nafrat? Bu savollarga serialni kuzatib borib javob topishingiz mumkin.
Arnav Sinx — Barun Sobti
1984 yil 21 avgust kuni Hindistonning Dehli shahrida tavallud topgan.
Aktyorlik faoliyatini 2008 yildan boshlagan.
Shu kungacha 4 ta film va 4 ta teleserialda suratga tushgan.
Mazkur serialda Arnav Sinkx Rayzoda obrazini yaratgan.
Ushbu roli uchun 2012 yil bir qator yuksak mukofotlarni qo`lga kiritgan, xususan,
“Eng yaxshi aktyor”, “Sevimli yangi ishtirokchi”, “Eng mohir ishtirokchi”, “Sevimli juftlik”, “Sevimli kino yulduz”, “Oynai jahondagi sevimli juftlik”, “Eng mashhur aktyor”, “TV dramadagi sevimli aktyor” kabi nominasiyalar g`olibiga aylangan!
Kxushi — Sanayya Irani
1983 yil 17 sentyabr kuni Hindistonning Mumbay shahrida tavallud topgan.
Model, raqqosa va aktrisa sifatida faoliyat yuritadi.
Kino olamiga 2006 yil kirib kelgan.
Shu kungacha 5 ta televizion shou, bitta film va 6 ta teleserialda suratga tushgan.
Sanayya mazkur serialda Kxushi Kumari Gupta rolini ijro etgan.
Ushbu roli uchun 2012 yil bir qator yuksak mukofotlarni qo`lga kiritgan, xususan,
“Eng yaxshi aktrisa”, “Eng mashhur sevimli aktrisa”, “Oynai jahondagi sevimli juftlik”, “Yilning eng yaxshi kino yulduzi”, “Oynai jahondagi sevimli aktrisa”
nominasiyalarining mutlaq g`olibiga aylangan!
Gazetamizning keyingi sonlarida serialning boshqa qahramonlari haqidagi ma`lumotlar va serial rivoji bilan tanishishingiz mumkin.