Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 21 sentyabrdagi “Yo`lbo`yi va turistik infratuzilmani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 793-son qaroriga muvofiq, 2020 yil 1 martdan boshlab jamoat maqsadlariga mo`ljallangan va kecha-kunduz ishlaydigan, sanitariya va shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga javob beradigan sanitariya-gigiena shoxobchalari bilan jihozlanmagan avtomobillarga gaz to`ldirish kompressor stansiyalari (AGTKS), avtomobillarga gaz quyish stansiyalari (AGQS) va avtomobillarga yoqilg`i quyish stansiyalari (AYQS)ning faoliyat ko`rsatishiga yo`l qo`yilmasligi belgilangan. Koronavirus pandemiyasining salbiy ta`sirini turizm hamda unga bevosita bog`liq bo`lgan tarmoqlarni qo`llab-quvvatlash orqali kamaytirish, mavjud sanitariya-epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda turizm sohasini qayta tiklash hamda tadbirkorlik sub`ektlariga qo`shimcha qulaylik yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 iyuldagi “O`zbekiston Respublikasida turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 433-son qaroriga muvofiq, jamoat maqsadlariga mo`ljallangan va kecha-kunduz ishlaydigan, sanitariya va shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga javob beradigan sanitariya-gigiena shoxobchalari bilan jihozlanmagan AGTKS, AGQS va AYQSlarning 2020 yilning 1 sentyabrdan faoliyat ko`rsatishiga yo`l qo`yilmasligi belgilangan.
Shundan kelib chiqqan holda, AGTKS, AGQS va AYQS hududida sanitariya va shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga javob beradigan sanitariya-gigiena shoxobchalari bilan jihozlanmaslik hamda Respublika va Hududiy ishchi guruh a`zolari tomonidan aniqlangan kamchiliklarning 2020 yilning 1 sentyabriga qadar bartaraf etilmasligi: ·
* «O`ztransgaz» AJ va «Hududgazta`minot» AJ hududiy bo`linmalari tomonidan - AGTKSlarga gaz etkazib berishni vaqtincha to`xtatish;
* «O`zbekneftgaz» AJ hududiy neft bazalari tomonidan - aniqlangan kamchiliklar to`liq bartaraf etilmagunicha AYQSlarga neft mahsulotlari etkazib berishni vaqtincha to`xtatish yoki Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 18 sentyabrdagi “Avtomobil yonilg`isi quyish shoxobchalarining ishini takomillashtirish va respublika iste`molchilarini neft mahsulotlari bilan ta`minlashni yaxshilash chora-tadbirlari to`g`risida”gi 397-sonli qarori talablariga muvofiq neft mahsulotlari etkazib berish shartnomasini bekor qilish;
* Neft, gaz hamda gaz kondensatini qazib chiqarish, qayta ishlash va sotish, magistral gaz quvurlari, neft quvurlari va neft mahsulotlari quvurlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularni ta`mirlash bo`yicha faoliyatni lisenziyalash komissiyasi tomonidan - lisenziya talablari va shartlari belgilangan tartibda bajarilmaganligi munosabati bilan AGTKS va AYQSlar orqali siqilgan va suyultirilgan gazni sotish faoliyatini amalga oshirish lisenziyasining amal qilishini to`xtatilishi mumkinligi ma`lum qilinadi.