Koronavirus infeksiyasining engilish muddati e`lon qilindi. Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adhanom Gebreyesusning so`zlariga ko`ra, global epidemiya ikki yildan keyin yoki undan barvaqtroq tugashi mumkin.
«Biz uni to`xtatish uchun etarli bilim va texnologiyaga suyanamiz», – degan JSST rahbari.
Qayd etilishicha, insoniyat tarixidagi eng yirik kulfatlardan biri – 1918 yilda boshlangan va millionlab oilalarnig yostig`ini quritgan ispan grippini engish uchun 2 yil ketgan edi. SOVID-19’ni esa bundan kamroq muddatda taslim qilish imkoni mavjud.
JSST rahbari, an`anaga ko`ra, butun dunyo infeksiyaga qarshi bir mushtga do`nib harakat qilishi lozimligini ta`kidlagan.
Ammo barcha mutaxassislar ham Tedros Adhanom Gebreyesus bilan hamfikr deb bo`lmaydi. Masalan, Buyuk Britaniya hukumati qoshidagi favqulodda vaziyatlar bo`yicha ilmiy kengash a`zosi Mark Uolport kasallik u yoki bu shaklda insoniyatga abadiy hamroh bo`lishi, unga qarshi davriy emlash orqaligina kurashilishini qayd etgan.
Ayni paytda dunyoning turli mamlakatlarida ta`lim maskanlari, xususan, maktablar ochilmoqda. Ammo ilk o`quv kunlaridanoq infeksiya tarqalishi kuzatilmoqda. Shu vajdan aksar davlatlar ta`lim maskanlarini ochishga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo`lmoqda. Boz ustiga, dunyoning turli mintaqalarida ham antirekordlar qayd etilmoqda. Masalan, dastlabki bosqichdayoq infeksiyani enggani e`tirof etilgan Janubiy Koreyaga koronavirus yana qaytdi. Mana, 23 avgust kuni mamlakatda 397 ta yangi holat ro`yxatga olindi. Bu esa pandemiya davridagi eng yomon ko`rsatkichdir.
Evropada ham vaziyat xotirjam bo`lishga hali erta ekanini ko`rsatmoqda. Polsha, Slovakiya, Ispaniya, Fransiyada yangi-yangi kasallik holatlari aniqlanmoqda.
Aholi soni bo`yicha dunyoning ikkinchi davlati sanalgan Hindiston dunyo bo`yicha virusning yangi o`chog`iga aylanishi mumkin. Hozirgacha hind o`lkasida 3 million kishida infeksiya aniqlangan, ahvol shu taxlit davom etsa, mamlakat AQSh va Braziliyani ham ortda qoldirishi hech gap emas.