AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda xizmat vazifasini bajarmagani uchun pora olgan IIB xodimlari sudlandi

Ularning uch nafariga 5 yil, to‘rt nafariga 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

'Qashqadaryoda xizmat vazifasini bajarmagani uchun pora olgan IIB xodimlari sudlandi'ning rasmi

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryoda 7 nafar YPX xodimi pora olgani uchun sudlangani haqida xabarlar tarqalgandi. IIV YHXBB mahkumlar orasida yetti nafar emas, to‘rt nafar YPX xodimi borligini ma’lum qildi. Shu bilan birga, ular jinoyat ishi qo‘zg‘atilgunga qadar ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan.

darakchi.uz jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudi tomonidan chiqarilgan hukm bilan tanishdi.

Sudlanuvchilar orasida 32 yoshli YPX inspektori, karantin tadbirlarini ta’minlash guruhining 36 yoshli oddiy xodimi, YPX maxsus otryadi 1-safarbarlik guruhi inspektorlari 31, 29 va 31 yosh, "Umakay" karantin chegara punkti 34 yoshli inspektori va 33 yoshli ishsiz fuqaro bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, IIB xodimlari bir necha oy davomida "Umakay" posti orqali qora metall parchalari ortilgan yuk mashinalarini tekshirmasdan va hujjatlashtirmasdan o‘tkazib yuborgan. Ushbu harakatlar metallomning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha tasdiqlangan rejani chetlab o‘tgan holda amalga oshirilgan. Buning uchun inspektorlar shaxsan, uchinchi shaxslar orqali yoki plastik kartalarga o‘tkazish yo‘li bilan 100 ming so‘mdan 5 mln so‘mgacha pora olgan.

Sud, shuningdek, sudlanuvchilarning har biri alohida xizmatlarda ishlagani, hech kim bir-biriga bo‘ysunmagani, ba’zilari esa bir-birini shaxsan tanimasligi va muloqot qilmaganini aniqladi. Sud ishda uyushgan jinoiy guruh belgilari yo‘qligini ma’lum qildi.

Sudlanuvchilar sudda o‘z ayblarini tan olishmagan bo‘lsa-da, pora olish faktlari isbotlangan.

Sud sudlanuvchilarni JKning 210-moddasida (pora olish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Ularning uch nafariga 5 yil, to‘rt nafariga 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Ular jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.

Shuningdek, sudlanuvchilar 2 yil muddatga davlat organlari yoki tashkilotlarida ma’muriy va moddiy javobgarlik funksiyalarini bajarish bilan bog‘liq lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilingan.

Shuningdek, sudlanuvchilardan olingan 20,2 mln so‘m miqdoridagi pora davlat daromadiga undiriladi.

    Boshqa yangiliklar