1

Pandemiya sharoitida ta`lim jarayonini tashkil etish choralari belgilandi

Siyosat 28.08.2020, 20:44
Pandemiya sharoitida ta`lim jarayonini tashkil etish choralari belgilandi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 28 avgust kuni umumiy o`rta ta`lim muassasalarida o`quv yiliga tayyorgarlik masalalari bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.

Ta`kidlanganidek, butun dunyoga yoyilgan koronavirus pandemiyasi ta`lim sohasi oldiga ham yangi muammo va talablarni qo`ymoqda. Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi aniqlanganidan so`ng, 16 martdan boshlab, an`anaviy ta`lim jarayonlari vaqtinchalik to`xtatilgan edi. Bolalar uy sharoitida onlayn tahsil oldi.

Yangi o`quv yili yaqinlashgani sari barcha ota-onalarni o`qish qachon va qay tarzda boshlanishi qiziqtirmoqda. Bugungi kunda maktab o`quvchilari soni olti million ikki yuz mingdan ziyodligi inobatga olinsa, yurtimizda bu masalaga befarq oila yo`qligini aytish mumkin.

Shu bois davlatimiz rahbari hukumatga bu borada xalq fikrini bilish, ota-onalar va muallimlar bilan maslahatlashgan holda, har tomonlama chuqur o`ylangan qaror qabul qilish bo`yicha ko`rsatma bergan edi. 

Shu maqsadda, Xalq ta`limi vazirligi tomonidan alohida so`rovnoma tuzilib, har bir ota-onaning fikri batafsil o`rganildi. Bu tadbirda 5 million 500 ming nafar ota-ona ishtirok etdi. Ularning 76 foizi ta`lim jarayonini maktabga qatnagan holda, ya`ni an`anaviy shaklda olib borish tarafdori bo`lgan. 24 foizi esa masofaviy shaklda – teledarslar orqali davom ettirishni ma`qul ko`rishgan.

Bundan tashqari, mazkur masala yuzasidan dunyodagi vaziyat ham o`rganildi. Kuni kecha Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus dunyoda koronavirus kasalligi yana ikki yilgacha davom etishi mumkinligini bildirdi. BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish pandemiya sababli ko`p davlatlarda to`xtab qolgan ta`lim jarayoni oqibatlari kelgusida dunyo hamjamiyati uchun o`ta og`ir bo`lishi mumkinligini aytdi. Bu degani barchamiz pandemiya sharoitida koronavirus bilan yashash, ishlash va farzandlarimizni o`qitishga tayyor bo`lishimiz kerak.

O`qituvchilar bilan o`tkazilgan muloqotlarda ham aksariyat pedagoglar bolajonlarning ko`zi va qalblarini sog`inganini, ta`lim va tarbiya berishga tayyor ekanini, maktablar ochilishini orziqib kutayotganini bildirishgan.

Shu xulosalardan kelib chiqib, maktablarda ta`lim jarayonini bir vaqtning o`zida ikki xil shaklda tashkil etishga qaror qilindi. Ya`ni, aksariyat ota-onalar talabiga ko`ra an`anaviy, shu bilan birga masofaviy shaklda yo`lga qo`yiladi.

 – Mendan bugungi kun qahramonlari kim deb so`rashsa, bu sog`liqni saqlash xodimlari bilan bir qatorda hurmatli ustozlarimiz, deb aytgan bo`lar edim, – dedi Prezident yig`ilishda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1