So`nggi kunlarda rossiyalik chegarachilar aeroportlar va er usti o`tkazish punktlarida nafaqat Tojikiston fuqarolari, balki O`zbekiston va Qirg`izistondan kelgan muhojirlarga ham Rossiya hududiga kirishni ommaviy ravishda taqiqlamoqda.
zamon.uz`ni huquq himoyachisi Valentina Chupikka tayanib ma`lum qilishicha, muhojirlarni mamlakatga kirish vaqtida ommaviy qo`lga olish 24 aprelda boshlangan va 1 mayga kelib Rossiya aeroportlarida 4500 ga yaqin odam to`plangan va xuddi shuncha odam er usti nazorat punktlari orqali kiritilmagan.Qo`lga olinganlarning to`rtdan bir qismi tojikistonliklar bo`lsa, qolgani O`zbekiston va Qirg`iziston fuqarolari ekanligi aytilmoqda.
O`zbekiston va Qirg`iziston tashqi ishlar vazirliklari hozircha holatga izoh bermagan.
Qo`lga olinganlarning aksariyati bir-ikki kun ichida «deport» qilinadi, lekin ba`zi hollarda qaytarib yuborish bir haftagacha cho`zilishi mumkin,— dedi Chupik.
24 apreldan buyon huquq himoyachisiga chegarachilar tomonidan qo`lga olingan muhojirlardan ikki yuzga yaqin murojaat kelib tushgan. Ularning so`zlariga ko`ra, odamlar och va suvsiz qolishgan, hatto hojatxonaga kira olishmayapti. Telefonlari olib qo`yilgan va «hech qanday tushuntirish berilmaydi».
Rossiyadan muhojirlarni ommaviy chiqarib yuborish hali hech qachon bunchalik kuzatilmagan.
Rossiyadagi nazorat-o`tkazish punktlaridagi muhojirlar muammolari haqida faqat Tojikiston tashqi ishlar vazirligi ochiq xabar berdi. Shanba kuni vazirlik mamlakat fuqarolariga «o`ta zarurat bo`lmasa, Rossiyaga borishdan vaqtincha tiyilish»ni so`radi.
Chorshanba kuni Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddin rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan telefon orqali muloqot qilib, mamlakat fuqarolarining huquqlari va ikki tomonlama kelishuvlar buzilgani haqida gapirgan.
Bunga «ko`rilayotgan chora-tadbirlar ma`lum bir millatga qarshi emas», deb javob qaytargan Lavrov.