1

"U oddiy odam emasdi..." Sobiq elchining Islom Karimov haqida xotiralari e`lon qilindi

Siyosat 02.09.2020, 10:21
"U oddiy odam emasdi..." Sobiq elchining Islom Karimov haqida xotiralari e`lon qilindi

Yaqinda Garvard universitetining Rossiya va Evroosiyoni o`rganish bo`yicha Devis markazi veb-saytida 1997—2000 yillarda AQShning O`zbekistondagi elchisi bo`lib ishlagan Jozef Preselning Birinchi Prezident Islom Karimov haqidagi xotiralari  (https://daviscenter.fas.harvard.edu/news/negotiating-with-karimov)e`lon qilindi. 

Mazkur memuarlar mazmunini o`zbek tiliga o`girib, ilk bor sizlar bilan ham bo`lishgimiz keldi:

“1997 yil oktyabr oyida Toshkentga kelganman. Garchi bungacha Islom Karimov bilan ikki yo uch marta ko`rishgan bo`lsam-da, uni deyarli bilmasdim. U esa, shubhasiz, kaminani yaxshi bilgan tashqi ishlar vaziri Komilovning brifinglari va ehtimol, 1970 yillarda Moskvadagi elchixonada ishlagan paytlarim O`zbekistonga qilgan safarlarim haqidagi KGB hisobotlari orqali men haqimdagi ko`p narsadan xabardor edi. Men esa 1970 yillarda orttirgan bilimlarim va rus tilida ravon so`zlasha olishim o`zimga yordam beradi deb taxmin qilardim.

Kelishim bilan odatga xos bo`lmagan tarzda (qisqa vaqt ichida demoqchi) uch kun ichida maktublarimni taqdim etdim. Komilov buni AQShning yangi elchisi o`z ishiga darhol kirishishini xohlashayotgani bilan izohladi. Marosim ham bo`lmadi. Karimov o`z o`yin qoidalarini tushuntirdi. Barcha elchilar teng maqomga ega edi, ammo AQSh (va boshqa ayrim davlatlar) shubhasiz yuqoriroq maqomga ega edi. Agar uchrashishni so`rasam, u doim meni qabul qilardi. U rostdan ham band bo`lgan paytlarda esa, bir, ko`pi bilan ikki kundan so`ng qabul qilardi. Bunga javoban u faqat o`zidan prezidentlik darajasidagi narsalar bo`yicha murojaat qilishimni so`rardi. O`z masalalarimni esa vazirlik darajasida hal etishga harakat qilishim kerak edi. U esa albatta istagan paytda menga qo`ng`iroq qila olardi.

Faoliyatim davomida biz shu taqlidda ish olib bordik. Men u bilan o`rtacha ikki oy yo shu atrofda bir marta uchrashishim kerak edi. O`zi uchun qulayroq bo`la boshlagach, u meni Komilovsiz qabul qilishga o`tdi va keyinchalik hatto burchakda turgan tansoqchisini ham chiqarib yuboradigan bo`ldi. Men esa til bilganim uchun odatda uning huzuriga bir o`zim borardim.

O`rtamizda yaqin shaxsiy aloqalar hech qachon bo`lmagan. O`zbek protokoli bunga yo`l qo`ymasdi va uning o`zi ham oddiy odam emasdi. Muloqot bo`yicha so`rovlarim doim konkret ish yuzasidan bo`lardi. Hech qachon yaqindan 100 gramm aroqni qittay-qittay qilib, masalan, AQSh va O`zbekiston o`rtasidagi yanada kengroq munosabatlarni va ularni yaxshilash usullarini muhokama qilmaganmiz.  

Garchi muhokama qilish uchun mavzular ko`p bo`lsa-da, masalan, O`zbekistonning ichki siyosatimi, Karimov deyarli gapirmaydigan Rossiya bilan aloqalarmi, u faqat Markaziy Osiyodagi hamkasblarini (u qozog`istonlik Nazarboevdan tashqari boshqa birortasini yoqtirmasdi va hurmat ham qilmasdi. U, ayniqsa, Turkmanistondagi Niyozovni yomon ko`rar, uni ahmoq deb atardi, Qirg`izistondagi Ataevni ham yoqtirmasdi, uni hatto siyosatchi emas, balki «shunchaki fizik» deb bilardi) katta ishtiyoq bilan muhokama qilardi. U Qo`shma Shtatlar hamkasblariga nisbatan qanday munosabatda ekanligini bilardi. Garchand u uchta kichik davlat haqida qayg`urmasa ham, Amerikaning do`stligi va rag`bati oldida Nazarboevni o`ziga raqib deb bilardi.

Uning qarorgohiga otamlashish uchun shunchaki kira olmasligimni bilganimdan so`ng, unga etib borishning boshqa usullarini ham sinab ko`rishga kirishdim. Elchixona oldiga Karimovning jo`ralari bilan aloqa o`rnatish vazifasini qo`ydim. U kim bilan ichadi, kim bilan ovga chiqadi, kim bilan qarta yoki tennis o`ynaydi? Ma`shuqasi kim? Sinfdoshlari-chi? Va hokazo. Barcha urinishlarim zoe ketdi. Chunki u asosan ishlardi. Boshqa tomondan oradan vaqt o`tib prezidentning oldiga kirish nafaqat men, balki o`zbek amaldorlarining o`zlari uchun ham muammo ekanligi ma`lum bo`ldi. Buni men Komilov o`zi rektorlik qiladigan ingliz tilli Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetida har chorakda ma`ruza qilishim kerakligini o`ylab topganidan so`ng anglab etdim. Elchixona nutqlarimni ruschaga tarjima qilib berardi. Shunda ularni prezident albatta o`qyidi deb meni ishontirardi Komilov. Mavzularni gohida uning g`oyalari, gohida mening g`oyalarim asosida  oldindan kelishib olardik. Hatto Amerika elchisi va talabalar o`rtasidagi suhbat mavzusi sifatida u tomonidan tanlangan takliflar g`alati ham ko`ringandi, biroq keyinchalik ular Komilov ta`sir o`tkazmoqchi bo`lgan va yaqinlashib kelayotgan biror siyosiy masala bilan bog`liq ekanligi ayon bo`ldi.

Vaqt o`tishi bilan o`zbekistonliklar mustaqillikka ko`proq ko`nikkanlari sari, ularning rasmiyatchiligi, o`zligini anglash hissi ham o`sdi. 2000 yildagi ketadigan paytimda ko`pchilik elchilar Karimov bilan faqat kelishganida, ishonch yorliqlarini topshirishda va ketayotganlaridagina uchrashishardi. U bilan uchrashish uchun ruslar eng katta mavqeda turardi, bu borada Qo`shma Shtatlar ehtimol koreyslarning etnik ozchiligi ko`p bo`lgani uchun Janubiy koreyaliklar va Isroil bilan birgalikda ikkinchi o`rinda turardi deb o`ylayman. Xitoy va Hindiston ham o`rta pog`onada edi...

Karimovga 1999 yil boshida deyarli muvaffaqiyatli qilingan suiqasddan keyin vaziyat o`zgarib ketdi. Biz, nemislar, isroilliklar va ehtimol ruslar ham ro`y bergan voqeani tergov qilish, prezident xavfsizligini kuchaytirish uchun o`zimizning olijanob takliflarimizni berishda bir-birimizdan o`zishga harakat qila boshladik. O`zbekiston ma`muriyati asosan chet elliklar uchun yopilgan edi. Men esa, paradoksni qarangki, Karimov bilan tez-tez uchrasha boshladim, ba`zi vaqtlarda meni ehtimol bir oyda ikki marta chaqirishgan paytlar ham bo`ldi. Aynan shu chog`da u o`zi haqida, sovet byurokratiyasi paytida qanday ko`tarilgani, mustaqil O`zbekistonning birinchi prezidenti sifatida duch kelgan muammolar, tengdoshlari bilan bog`liq muammolari haqida gapirib bergandi. Afsuski, o`z-o`zini tahlil qilishning ushbu davri uzoq davom etmadi.

Karimov iliq va yoqimli shaxs bo`lmasa ham, unda ba`zan yumor hissi namoyon bo`lib turar edi. Bir kuni u o`zining kirish monologini bo`lib, turklar 1453 yilda Konstantinopolni egallab olganidan boshlab Markaziy Osiyoning butun tarixini so`zlab berish niyati yo`qligiga kaminani ishontirdi. Boshqa safar esa ulkan (minglab odamlar qatnashadigan) Navro`z bayramida meni ko`rmaganini aytdi. Agar u biror tadbirda qatnashsa, albatta AQSh elchisi ham ishtirok etishi kerak edi. U menga o`zbek ordenini taqdim etganida, men bu ordenni olgan birinchi chet ellik edim adashmasam, buni hukumatimga emas, aynan menga berganligini tushunishim kerakligini aytdi.

Karimovning AQSh haqidagi qarashlari bir qadar sxematik edi. Biz yirik, badavlat va dunyoda muhim ahamiyatga ega edik. Biz ular uchun hamma narsani qila olamiz va ular esa qo`lidan kelsagina bizga yordam bera olishardi. Biz biroz beso`naqay va g`alati edik, Markaziy Osiyoni tushunmasdik, inson huquqlari, matbuot erkinligi, ekologik muammolar deganlaridek qiziq-qiziq odatlar (qarmoqlar)imiz bor edi. Uning fikricha, AQSh hukumati bir butun emas, balki yarim mustaqil sub`ektlar guruhi edi. U uchun Oq uy yaxshi edi — Klinton xonim uning oldiga tashrif buyurdi. Mudofaa vazirligi ham yaxshi edi — yordam ko`rsatdi. Markaziy razvedka boshqarmasi ham xuddi shu sabablar tufayli yaxshi edi. Davlat departamenti esa yomon edi, chunki u asosan tanqid qilardi. Kongress tushunarsiz, lekin baribir yomon edi. Va hokazo. AQSh elchisi esa shularning o`rtasida edi…”

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1