Joriy yilning 3 may - Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta`minlash masalalari qo`mitasi O`zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti bilan hamkorlikda “Yangi O`zbekiston jurnalistikasi: so`z erkinligi va qonunchilik amaliyoti” mavzusida davra suhbati o`tkazdi.
Davra suhbatida axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta`minlash, so`z va matbuot erkinligi doirasidagi masalalarga, bu borada qonunchilik amaliyoti, uni hayotga tatbiq etishning dolzarb jihatlariga e`tibor qaratildi.
Muloqotda xususiy media va bloglar hayotimizdan keng o`rin egallab borayotgani, jamiyatimiz hayotida yo`l qo`yilayotgan kamchilik va muammolarni dadil ko`tarib chiqishda muhim omil bo`lib xizmat qilayotgani ta`kidlandi.
Tadbir davomida davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni ta`minlash borasida amalga oshirayotgan ishlarining samaradorligi ijobiy tarafga o`zgarayotganligi, jurnalistika sohasida faoliyat olib borayotgan malakali kadrlarga ehtiyoj sezilayotgani ta`kidlandi.
Uchrashuvda o`quvchi talabalar parlament faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Qo`mitada doimiy asosda ishlovchi senator M.Parpiev qo`mitalar tomonidan olib borilayotgan ishlar, shuningdek Senat yalpi majlislari, qonunlar muhokamasi qay tarzda o`tishi, muhokama va munozaralar tafsiloti haqida batafsil so`zlab berdi.
Qo`mitaning maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, axborot siyosati va davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni ta`minlash bilan bog`liq olib borilayotgan faoliyat tanishtirildi.
Talabalar so`z erkinligi, axborot siyosati, jurnalist va bloger faoliyatiga doir savollarga atroflicha javoblar olishdi. Muloqot-uchrashuvda, shuningdek, talabalar tomonidan bir qator tashabbus va takliflar ilgari surildi.






