“O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevning topshirig`iga asosan, mamlakatda pandemiya sharoitiga qaramay, respublika iste`molchilarini tabiiy gaz resurslari bilan uzluksiz ta`minlash maqsadida, quduqlarda ishlayotgan ishchi-xodimlar vaxta rejimida faoliyat yuritishda davom ettirilmoqda.
Jamiyatning Matbuot xizmati tomonidan berilgan xabarga ko`ra, Buxoro viloyatining Qorako`l tumani hududida joylashgan “Savatli” konida ham ishlar jadallik bilan olib borilmoqda.
2020 yilning 1 sentyabr holatiga ko`ra, ushbu kondagi umumiy quduqlar soni 9 ta bo`lib, shundan 2 ta quduqda hozirda burg`ilash ishlari olib borilmoqda.
Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Savatli” konidan qazib olinayotgan tabiiy gaz “Uchqir“ gazni oltingugurtdan tozalash kompleksiga uzatiladi.
Qurilmada qazib olingan tabiiy gaz tarkibidan vodorod sulfid va nordon gazlar absorbsiya jarayonida MDEA eritmasi yordamida ajratib olinadi va tozalangan tabiiy gaz Uchqir–Gazli diametri D-1020, uzunligi 47 km bo`lgan magistral gaz quvuri orqali Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasiga uzatiladi.

2020 yilning yanvar–avgust oylari mobaynida ushbu kondan 53,5 mln kub metr tabiiy gaz va 0,8 ming tonna gaz kondensati qazib olindi. Yana 2 ta yangi quduqning burg`ilanib, ishga topshirilishi hisobiga qo`shimcha 8,6 mln kub metr tabiiy gaz va 0,5 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarishga erishildi.
Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida joriy yil yakuni bilan “Savatli” konidan 92,3 mln kub metr tabiiy gaz va 1,2 ming tonna gaz kondensati qazib olish kutilmoqda.






