Noyabrda Jizzaxdagi yangi zavodda KIA K5 va Seltos modellarini ishlab chiqarish ishlari boshlanadi. Kelgusida jahon brendlarining boshqa moddellarini ham ishlab chiqarishi kutilayotgan ADM-Jizzakh zavodining ishlab chiqarish quvvati birinchi bosqichda yiliga 25 000 avtomobilni, keyinchalik esa 100 000 avtomobilni tashkil etishi rejalashtirilgan.
Jizzax erkin iqtisodiyot zonasidagi ADM-Jizzakh zavodi noyabr oyidan boshlab eng yangi modellardan bo`lgan — KIA Seltos va KIA K5 avtomobillarini yig`ishni boshlaydi, deya xabar qildi Roodell kompaniyasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.
Zavod avval-boshdanoq multibrendli xususiyatga ega bo`lishi ko`zda tutilgan — kelgusida u erda jahonga mashhur qator brendlar avtomobillarini ishlab chiqarish yo`lga qo`yiladi. O`zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar hamkor dilerlik tarmoqlari orqali MDH davlatlariga eksport qilinadi.

Ayni paytda Jizzax EIZda zavod qurilishining yakuniy bosqichi davom etmoqda va turli konfigurasiyaga ega bo`lgan avtomobillarni ishlab chikarish uchun mo`ljallangan ikkita texnologik liniyasini o`rnatish bo`yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.