“Koinot go`zali-2015” ko`rik tanlovi g`olibi filippinlik Pia Alonso Vurtsbax Germaniyaning Shtutgart shahrida tug`ilgan. Uning otasi nemis, onasi esa filippinlik. Pia oilada ikki farzandning to`ng`ichi. Uning singlisi haqida ma`lumotlar juda kam berilgan. Pianing Instagram`dagi shaxsiy sahifasidan uning kichkinaligidan go`zallik tanlovlarida ishtirok eta boshlaganini bilish mumkin.
Pia o`rta ma`lumotni Filippindagi maktablardan birida masofadan turib, o`qib olgan. U shuningdek Osiyo pazandalik markazida taom tayyorlash sirlarini o`rgangan.
Pia ish faoliyatini juda erta boshlagan. U 4 yoshidayoq aktrisa sifatida faoliyat yuritgan. Pia o`shandayoq komediya va dramalarda epizodik rollar ijro etgan. Keyinchalik esa u stilist va vizajist sifatida ishlagan. Serqirra iste`dod egasi Pia jurnalistika bilan ham shug`ullanadi. U Filippinda chop etiladigan haftalik nashrlardan biriga go`zallik haqida maqolalar yozib turadi.
“Koinot go`zali-2015” ko`rik tanlovida Pia hay`at a`zolarini o`zining samimiyligi va xushmuomalaligi bilan ham maftun etgan bo`lsa ajab emas. Quyida uning rasmlariga nazar tashlar ekanmiz, uning deyarli har doim kulib turishini ko`rish mumkin.













