O'zbekistonda turizm infratuzilmasini rivojlantirish doirasida quriladigan mehmonxonalarda mahalliy qurilish materiallari ulushini kamida 95 foizga yetkazish vazifasi qo'yildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o'tkazilayotgan videoselektor yig'ilishida ma'lum qilindi.
Qayd etilishicha, yaqinda hududlarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha ikki yillik yirik dastur qabul qilingan. Unga muvofiq, mamlakat bo'ylab 34 ta yirik turizm obyekti, 1000 dan ortiq joylashtirish vositasi, jumladan, 200 ta mehmonxona qurilishi rejalashtirilgan.
Yig'ilishda Toshkent viloyatining Parkent tumanida yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi kutilayotgan "Kumushkon Resort" turistik majmuasi misol qilib keltirildi. Qayd etilishicha, mazkur loyihada qurilish materiallarining 98 foizi mahalliy mahsulotlar hisobiga ta'minlangan.
Shu munosabat bilan hokimlarga o'z hududlarida qurilayotgan mehmonxonalarda ham mahalliy materiallar ulushini kamida 95 foizga yetkazish vazifasi yuklatildi.
Buning uchun 2027 yil yakuniga qadar mehmonxona qurilishi va bezatish ishlarida keng qo'llaniladigan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish belgilandi. Xususan, lok-bo'yoq mahsulotlari ishlab chiqarish 150 ming tonnaga, santexnika mahsulotlari 2 million donaga, PVX quvur va fittinglar 300 ming tonnaga yetkazilishi ko'zda tutilmoqda.
Shuningdek, gulqog'oz va dekorativ panellar ishlab chiqarish hajmini ham sezilarli darajada oshirish vazifasi qo'yildi.






