Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri virus o`z “ayyor”ligini oshkor namoyish qilayotir va inson organizmida turli belgilar, asoratlar qoldirmoqda. Yangi fasl boshlanishi bilan kasallik kechishining o`zgarishi, virusning turli yoshdagi insonlarda o`zini qay tarzda namoyish etishi, aholi bu vaziyatda qanday yo`l tutishi yuzasidan “Zarafshon” gazetasida Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi rahbari Adham BAHROMOV bilan suhbat e`lon qilindi.
— Kuz fasli boshlanishi bilan virusning avj olgani sezildi. Bu vaziyatda markaz xodimlari testlarni o`z vaqtida tekshirib berishi uchun sharoit etarlimi?
— Kuz-qish mavsumida ko`plab infeksion, virusli xastaliklar avj oladi, jumladan koronavirus ham. Bu haqda mutaxassislar oldindan ogohlantirib, aholini ehtiyotkor bo`lishga chaqirib kelmoqda. Xususan, zotiljam xastaligi ham aynan kuz oylarida ko`payadigan xastalik. Qolaversa, zotiljamning ham o`nlab turlari mavjud. Test masalasiga kelsak, albatta, epidemiologik va tibbiy ko`rsatmasi bor aholidan o`z vaqtida test olish va natijalarini aniqlash uchun barcha sharoitlarga egamiz.
— Keyingi paytlarda koronavirusning boshqa belgilari paydo bo`layotgani test natijalariga ta`sir o`tkazyaptimi?
— Albatta. Sababi, test faqatgina tomoq, nafas yo`llarida virus bo`lsagina aniqlab beradi. Vaholanki, keyingi oylarda dunyo bo`yicha mutaxassislarning kuzatuviga ko`ra, virus tananing boshqa a`zolariga ham shikast etkazayotgani aniqlanmoqda. Misol uchun, rossiyalik shifokorlar ularda “COVID-19” aholining 30 foizida ichak faoliyatining buzilishi bilan kechayotganini aytishdi. Mamlakatimizda ham bu holat kuzatilmoqda. Ayrim bemorlarni tomoq og`rig`i, nafas yo`llarida hech qanday kasallik bo`lmasa-da, ich ketish, qayt qilish kabi simptomlar uchramoqda. Vaqt o`tishi bilan hid va ta`m sezmasligi mumkin. Bu holatda bemor test topshirsa-da, unda koronavirus aniqlanmaydi. Sababi, test faqatgina nafas yo`llaridagi virusni aniqlashga mo`ljallangan.
— Demak, virus nafaqat o`pka, balki organizmning boshqa a`zolarini ham zararlashi va uni belgilarga qarab o`z vaqtida aniqlash mumkin, shundaymi?
—Afsuski, bu viruskundan-kunga o`z qiyofasini o`zgartiryapti, dunyo olimlari qatori mamlakatimizda virusning kechishi bilan bog`liq holatlar doimiy ravishda o`rganib borilmoqda. Shuning uchun davolash standartlari tez-tez o`zgaryapti, unga qo`shimchalar kiritib borilmoqda. U markaziy nerv tizimiga, qolaversa inson organizmning turli a`zolariga o`z ta`sirini ko`rsatyapti. Shuning uchun surunkali xastaliklari bor insonlar o`zini ehtiyot qilishi lozim. U yoki bu xastalikdan davolangan kishilar ham sog`liklariga e`tiborli bo`lishlari zarur. Muhimi, sog`lom ovqatlanish, jismoniy harakatlarni o`z vaqtida amalga oshirish kasallikni engishning asosiy omilidir.
— Kasallikni simptomsiz o`tkazayotgan insonlar haqida nima deysiz?
— Simptomsiz holatda kishida virus aniqlansa, bu inson atrofdagilar bilan yaqin muloqotda bo`lmaslikka harakat qilishi lozim. Ammo bunday insonlarni bemor deb hisoblash noto`g`ri. Kasallik belgilari bo`lmagach, unga potensial kasal sifatida qarash imkoni yo`q. Umuman, testni, iloji bo`lsa, o`zida kasallik belgilari bo`lgan kishilar topshirishi maqsadga muvofiq. Bir necha oydan beri aytib kelinayotgan, pandemiya holatidan kelib chiqqan holda shakllangan qoidalar hozir ham muhim. To`g`ri, karantin qoidalari yumshatildi, to`ylarga ruxsat berildi. Ammo bu degani qaysi davraga bormang, tanishlaringiz bilan qo`l berib, quchoqlashib ko`rishish mumkin degani emas. Sog`lig`ingizni asrash, himoyalash avvalo o`zingizga bog`liqligini unutmang.