1

Prezident Qorako`l Xalqaro matematika maktabini barcha maktablarlar uchun andoza va o`rnak qilib ko`rsatdi

Siyosat 01.10.2020, 00:26
Prezident Qorako`l Xalqaro matematika maktabini barcha maktablarlar uchun andoza va o`rnak qilib ko`rsatdi

Prezident Shavkat Mirziyoev 1 oktyabr o`qituvchilar kuniga bag`ishlangan bayram tadbiridagi nutqida Buxoro viloyati Qorako`l tumanidagi Xalqaro matematika maktabiga ham alohida to`xtalib, uning ta`lim metodikasini barcha uchun o`rnak qilib ko`rsatdi. 

“Ushbu maktab bitiruvchilarining 95 foizdan ortig`i oliy o`quv yurtlariga o`qishga kiryapti”

“Hurmatli do`stlar!

“Oqqan daryo – oqaveradi”, deydi dono xalqimiz. Bugun buyuk ajdodlarimizning bebaho merosiga tayanib, yangi Renessans poydevorini yaratish uchun bizda barcha imkoniyatlar mavjud, deyishga to`la asoslarimiz bor. Hamma gap ana shu imkoniyatlardan qay darajada oqilona foydalana olishimizga bog`liq. 

Bu fikrlarga bir misol keltirmoqchiman.

Bilasizlar, Qorako`l tumanida hammamizga ma`lum bir maktab bor. Bu maktabni mashhur qilgan fidoyi muallim To`xtamurod Jumaev nomini ham barchamiz yaxshi bilamiz. Bu ajoyib pedagog o`zining tinimsiz izlanishi, yangi ta`lim metodikasi bilan oddiy bir qishloq maktabini respublika darajasidagi mashhur ta`lim dargohiga aylantirdi. Holbuki, ushbu maktab Buxoroning olis cho`l tumanida joylashgan bo`lib, zamonaviy sharoitga, qulay imkoniyatlarga ham ega emas edi.

Bugun ushbu maktab bitiruvchilarining 95 foizdan ortig`i oliy o`quv yurtlariga o`qishga kiryapti. Xalqaro olimpiadalardan eng ko`p medal olib kelayotganlar ham aynan shu maktabning o`quvchilari hisoblanadi. Mamlakatimizning barcha hududlaridan, hatto poytaxt Toshkentdan ham odamlar o`z farzandini Qorako`lga olib borib, ana shu maktabga o`qishga beryapti. 

Biz bu ta`lim maskani erishayotgan katta yutuqlarni inobatga olib, o`tgan yili uni Xalqaro matematika maktabiga aylantirdik”.

“Qorako`l maktabi biz uchun zamonaviy maktabning haqiqiy andozasi emasmi?”

“To`xtamurod domla ham, jadid bobolarimiz kabi, tinimsiz va fidokorona mehnat qilib, hozirgi davrning yangi usul maktabini yaratishga erishdi.

Mana, bugungi kunimizning haqiqiy ma`rifatparvari, davrimizning Avloniysi, Behbudiy domlasi, Munavvarqorisi!

Bunday ulkan natijaga erishish uchun albatta o`ziga xos o`qitish tizimi bo`lishi kerak. Ayni vaqtda bunday yutuqlar zamirida insonning o`z kasbiga, Vataniga mehri va sadoqati, yuksak mas`uliyat tuyg`usi mujassam, desak, ayni haqiqatni aytgan bo`lamiz. 

Mana shu maktabda To`xtamurod aka boshchiligida har bir o`qituvchi shogirdlarini o`z bolasiday ko`rgan, bu erda chinakam ijodiy musobaqa muhiti shakllangan va bu ishlar bugun o`zining munosib natijasini bermoqda.

Mohir pedagog To`xtamurod Jumaev ta`lim-tarbiya sohasida erishgan ulkan yutuqlari va ibratli faoliyati uchun Prezident Farmoniga asosan davlatimizning yuksak mukofoti – “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandilar. 

Fursatdan foydalanib, To`xtamurod akani va mukofotga sazovor bo`lgan barcha o`qituvchi va murabbiylarimizni o`z nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy muborakbod etaman”.

Shu o`rinda Prezident Shavkat Mirziyoev Qorako`l tajribasining boshqa hududlarda ham yo`lga qo`yilmaganligi yuzasidan mutasaddilarni tanqid qildi:

“Hurmatli yig`ilish ishtirokchilari, shu o`rinda savol tug`iladi: Qorako`l maktabi biz uchun zamonaviy maktabning haqiqiy andozasi emasmi? Nima uchun Xalq ta`limi vazirligi uning noyob tajribasini etarlicha ommalashtirmayapti? Nima uchun boshqa maktab direktorlari bu ta`lim dargohidan ibrat olmayapti? Xalq ta`limi vaziri Sh.Shermatov nega uch yildan buyon bu jiddiy masalaga etarlicha e`tibor bermayapti? 

Afsuski, hammamiz “Oldingdan oqqan suvning qadri yo`q”, deb, beparvo bo`lib yuribmiz. 

Nima uchun boshqa viloyatlarda, deylik, Andijonda, Farg`ona, Samarqand, Xorazm yoki Qarshida, Jizzax va Sirdaryoda bunday maktablar yo`q? 

Vaholanki, bugungi kunda bizga mana shunday yuzlab maktablar,
o`z kasbining chinakam ustasi va fidoyisi bo`lgan minglab murabbiylar suv bilan havoday zarur. 

Shu munosabat bilan Xalq ta`limi vazirligi hududlar rahbarlari bilan birgalikda har bir tumanda kamida bittadan mana shunday maktab yaratish choralarini ko`rishi zarur.

Prezidentning har bir hududdagi vakillari, har bir viloyat va tumanning etakchilari – bu hokimlar. Ma`mun akademiyasining beshigi, Muhammad Xorazmiy yurti bo`lgan Xorazm, Mirzo Ulug`bek kamolga etgan Samarqand, dunyoga Bobur Mirzoni bergan Andijon, Ahmad Farg`oniy vatani bo`lgan Farg`ona viloyatlarining hokimlari bugun bu oqsoqlik va beparvolik to`g`risida nima deydilar? 

O`zingiz rahbarlik qilayotgan viloyatlarda mana shunday namunali maktablar tashkil etish uchun sizlarga olti oy muhlat beramiz. 

Albatta, yangi maktablarni qurish, chiroyli qilib jihozlash, bezash mumkin, lekin ularni zamonaviy ma`no-mazmun, ilm-ma`rifat, tarbiya bilan to`ldirish qo`limizdan keladimi? 

Bu dolzarb masala ustida hokimlar bilan Vazirlar Mahkamasi, mutasaddi vazirliklar va idoralar rahbarlari birgalikda jiddiy ishlashlari talab etiladi”, – dedi Prezident.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1