AsosiyIqtisodiyot

"O`zbekneftgaz” AJ “SAP Ariba” global biznes tarmog`i a`zosi sifatida jahon bozoriga chiqadi

'"O`zbekneftgaz” AJ “SAP Ariba” global biznes tarmog`i a`zosi sifatida jahon bozoriga chiqadi'ning rasmi

“O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining tashabbusi bilan bugungi kunda jamiyatda biznesni raqamlashtirishga o`tkazish bo`yicha turli loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu haqda jamiyatning Matbuot xizmati xabar berdi. 

Ana shunday loyihalardan birining samarasi o`laroq bugun “O`zbekneftgaz” AJ “SAP Ariba” global biznes tarmog`ining to`laqonli a`zosiga aylanadi. 

“SAP Ariba”ga qo`shilish loyihasi “O`zbekneftgaz” AJ raqamli transformasiya dasturi va jamiyatning biznes-jarayonlarini avtomatlashtirish doirasida "Parma-Telekom” xalqaro integrator kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.


“SAP Ariba” – “biznes uchun biznes” modeli bo`yicha ishlaydigan yirik savdo platformasi orqali etkazib beruvchilar va jahon bozorlariga to`g`ridan-to`g`ri chiqish uchun imkoniyat demakdir. Shunday qilib, endilikda “O`zbekneftgaz” AJ nafaqat sotib olish jarayonini o`zgartiradi, balki o`zi etkazib beruvchi sifatida ham ish olib borishi va butun dunyo bo`ylab mahsulot sotishi mumkin.

“SAP Ariba” global biznes tarmog`ining ro`yxatidagi 76 foiz kompaniyalar “Fortune 2000” reytingidan o`tgan. Bugungi kunda ushbu tarmoq dunyo bo`ylab 5,5 milliondan ortiq etkazib beruvchini qamrab olgan. Uning qamrovi doimiy ravishda kengayib boradi. “SAP Ariba”ning yillik aylanmasi 2,8 trillion AQSh dollardan ortiq mablag`ni tashkil etadi.

Kompaniya tarmoq rahbarlari uchun biznes-jarayonlarni avtomatlashtirish bo`yicha ko`plab loyihalarni, jumladan, O`zbekiston Respublikasi hududida “Lukoyl” uchun SAP mahsulotlarini muvaffaqiyatli tadbiq etishni amalga oshirdi.

Ushbu loyihaning tashabbuskori, “O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining birinchi o`rinbosari Alirizaev Shahzod Shuhratovich loyihaning quyidagi bir necha muhim jihatlarini ta`kidlab o`tdi:

– O`zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biri bo`lgan “O`zbekneftgaz” AJ sanoatni raqamlashtirish tizimini yaratdi. Ushbu jarayon xaridlar samaradorligini oshirish, hujjatlar aylanishi va pudratchilar bilan o`zaro aloqalarni rivojlantirish echimlarini joriy eta boshladi;

– 2020–2021 yillarda kompaniya rahbariyati pudratchilar bilan o`zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish sa`y-harakatida;

– amalga oshirilayotgan “SAP Ariba” loyihasi “O`zbekneftgaz” AJ xaridlari jarayonlarining shaffofligini va ularning samaradorligini oshiradi. Shuningdek, raqamli iqtisodiyotga o`tish orqali qog`oz hujjatlar oqimini kamaytirishga erishiladi.

Ushbu loyihani tadbiq etish orqali “O`zbekneftgaz” AJ quyidagi natijalarga erishishi kutilmoqda:

• xarid qiymatini amaldagi qiymatdan kamida 15 foizga kamaytirish;
• sotib olish jarayoni uchun operasion xarajatlarni 70% gacha kamaytirish;
• potensial etkazib beruvchilar sonini 15 foizga oshirish;
• hujjatlar aylanmasidagi xatolar sonining 50% dan ortiq qisqarishi;
• mahsulotlarni yangi bozorlarga olib chiqish.

Shuni ta`kidlash lozimki, ushbu loyiha “O`zbekneftgaz” AJ raqamli transformasiya dasturining birinchi bosqichi bo`lib, u keyinchalik axborot texnologiyalari sanoatining zamonaviy mahsulotlariga asoslangan korporativ axborot tizimini (ERP – Enterprise Resource Planning) joriy etish uchun lokomotivga aylanishi kerak.

Ma`lumot uchun, ERP tizimi – ta`minot, zaxiralarni boshqarish, byudjetlashtirish va moliyaviy rejalashtirish jarayonlarini, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonlarini qamrab oladi.

Ishonchimiz komilki, “O`zbekneftgaz” AJ raqamli transformasiya dasturining amalga oshirilishi mamlakatimizda islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga hissa qo`shadi. Bu esa o`z navbatida sohaga ham, barcha iste`molchilarimizga ham ijobiy ta`sir qiladi.

    Boshqa yangiliklar