ETTB tarixida birinchi marta boshqaruvchilar kengashi raisiga o`zbekistonlik vakil o`rinbosar etib tayinlandi. Bu lavozimga bankning O`zbekistondan boshqaruvchisi, investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov saylandi. Bu haqda Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, 7-8 oktyabr kunlari videokonferensiya shaklida Evropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB) Boshqaruvchilar kengashining yillik yig`ilishi o`tkazilgan. Kun tartibidagi asosiy masala ETTB prezidentining saylovi bo`lgan.
Ovoz berish natijalariga ko`ra Fransiya Iqtisodiyot, moliya va tiklanish vazirligi G`aznachiligining bosh direktori Odil Reno-Basso 2021-2024 yillar davri uchun ETTBning yangi prezidenti etib saylangan.
Shuningdek, ETTB tarixida birinchi marta Bankning oliy boshqaruv organi - boshqaruvchilar kengashi raisining o`rinbosari etib bankning O`zbekistondan boshqaruvchisi, O`zbekiston bosh vazirining o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov saylangan.
Yig`ilish doirasida global va mintaqaviy iqtisodiyotning joriy tendensiyalari, COVID-19ning ETTBga a`zo mamlakatlar iqtisodiyotiga ta`siri, pandemiya bilan bog`liq muammolarni engib o`tishda qo`llab-quvvatlash bo`yicha faoliyat, shuningdek, 2021-2025 yillarga mo`ljallangan ETTB kapital qo`yilmalari bo`yicha Strategiyasi muhokama qilingan.
Shuningdek, Bankning kelgusidagi istiqbollarini belgilab beruvchi bir qator qarorlar, shu jumladan, Iroqning ETTB aksiyadorlari safiga qo`shilish bo`yicha buyurtmanomasini qabul qilish to`g`risidagi rezolyusiya qabul qilinganligi aytilmoqda.
Evropa tiklanish va taraqqiyot banki 1991 yil 28 martda tashkil etilgan. Shtab-kvartirasi London shahrida joylashgan. O`zbekiston 1992 yil 30 apreldan beri ETTB a`zosidir. Hozirgi vaqtda uy-joy kommunal xizmatlari, energetika, yo`l ho`jaligi, irrigasiya va ekologiya sohasida umumiy qiymati 1,0 mlrd dollardan ortiq bo`lgan bir qator loyihalar bank bilan birgalikda ishlab chiqilmoqda.