“odnoklassniki.ru”da diniy-ekstremistik materiallarni virtual do`stlariga tarqatib kelgan1994 yilda tug`ilgan L.S. (ism-familiyasi o`zgartirilgan)ga nisbatan 2020 yil 12 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo`yicha Navoiy viloyat Uchquduq tuman sudi binosida jinoyat ishi ko`rib chiqildi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo`yicha Navoiy viloyat Uchquduq tuman sudining raisi A.Qurbonov xabar qildi...
Sudlanuvchi L.S. 2013 yilda “odnoklassniki.ru” ijtimoiy tarmog`ida o`z ism-familiya va sharifi bilan profil ochgan. Mazkur profil orqali virtual do`stlari bilan suhbatlashib, yurtimizda an`anaviy bo`lgan hanafiylik mazhabi va motrudiylik aqidasiga zid bo`lgan va aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan diniy-ekstremistik materiallar – turli xildagi video va audiolarga “Klass” belgisini bosish orqali virtual do`stlariga tarqatib kelgan.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari bo`yicha qo`mita ekspertizasining ekspertiza xulosasiga ko`ra:
Videofaylda xalqaro terroristik tashkilotning etakchilaridan birining jihod haqidagi fikrlari o`rin olgan ma`ruza bo`lgan. Shuningdek, bir nechta videofayllarda inson bir vaqtning o`zida ham musulmon, ham demokrat bo`la olmasligi, inson yoki demokrat, yoki musulmon bo`lishi, demokrat xurriyatni da`vo qilsada, islom ahliga o`z haytlarini shariat asosiga qurilishiga yo`l qo`ymasligi, musulmonga hayotini o`z yurtida shariat asosida qurishga yo`l berilmasa, hijrat qilish kerakligi haqida yozilgan turli ma`ruzalar aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan bo`lgan. Ushbu materiallarni O`zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlangan.
“Diniy-ekstremistik materiallarni O`zbekistonda taqiqlanganligini bilmaganim uchun virtual do`stlarimga tarqatib yuborganman”
Sudlanuvchi sud majlisida aybiga iqrorlik bildirdi...
— 2013 yildan buyon “odnoklassniki.ru” ijtimoiy tarmog`idan foydalanib kelaman. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari bo`yicha qo`mita ekspertizasining ekspertiza xulosasida qayd etilganidek, O`zbekiston Respublikasiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlangan, aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan diniy-ekstremistik materiallarni ko`rib, “Klass” bosganman. Ushbu materiallar O`zbekiston Respublikasida taqiqlanganligini bilmaganman. Bu taqiqlangan materiallar menga kim tomonidan yuborilganini ham bilmayman. U diniy amallarni bajarmaganman. Diniy-ekstremistik, xalqaro terroristik tashkilotlar to`g`risida ma`lumotga egaman, bu to`g`risida OAVlarida ko`rganman, eshitganman. Ushbu diniy-ekstremistik materiallarni O`zbekiston Respublikasida taqiqlanganligini bilmaganim uchun “Klass” bosib, virtual do`stlarimga tarqatib yuborganman. Qilmishimdan chin ko`ngildan pushaymonman.
Sudlanuvchi Jinoyat kodeksi 2441-moddasi 3-qismining “g” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo`llab, 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
S.ALLABERGANOVA, jurnalist