AsosiyIqtisodiyot

Senator yashirin iqtisodiyotni qisqartirish haqidagi farmon loyihasini qayta ko`rib chiqish kerakligini aytdi

'Senator yashirin iqtisodiyotni qisqartirish haqidagi farmon loyihasini qayta ko`rib chiqish kerakligini aytdi'ning rasmi

Joriy yil 8 oktyabr kuni Moliya vazirligi tomonidan www.regulation.gov.uz portaliga joylashtirilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yashirin iqtisodiyotni keskin qisqartirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni loyihasi jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinib, turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda.

Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo`mitasi raisi Erkin GADOEV ham o`z munosabatini bildirdi. 
 

" - Yashirin iqtisodiyot turli shakllarda namoyon bo`lishi va mamlakatimizda uning darajasi yuqoriligicha qolayotganligi hech kimga sir emas. Buni mamlakatimizning Iqtisodiy erkinlik indeksidagi o`rnidan ham ko`rsa bo`ladi. Xususan, ushbu reytingda respublikamiz 186 ta mamlakat orasida 114-o`rinni egallaydi.

Albatta, so`nggi yillarda biznesga qo`shimcha qulayliklar yaratish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish choralari ko`rilmoqda. Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Prezident Farmoni loyihasi ham ushbu islohotlarning davomi sifatida ezgu maqsadlarni nazarda tutishi shubhasiz.

Biroq yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda iqtisodiy faollikka zarar etkazib qo`ymaslik lozim. Aks holda oldimizga qo`yilgan maqsadlar hamda amalga oshirilayotgan islohotlarga salbiy ta`sir ko`rsatish mumkin.

Farmon loyihasi yuzasidan soha mutaxassislari, ekspertlari, ilmiy doira vakillari, jurnalist va blogerlar tomonidan ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo`mitasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo`mitasi va Markaziy bankka o`z takliflarini kiritdi.

O`ylaymizki, mas`ul vazirlik va idoralar jamoatchilik fikrini e`tiborga olib, ushbu Farmon loyihasini qayta ko`rib chiqadi", dedi senator.

 

    Boshqa yangiliklar