“O`zbekneftgaz” AJ tomonidan joriy yilda mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarish, import hajmini qisqartirish va tarmoq hamda hududiy korxonlar bilan kooperasiya aloqalarini yo`lga qo`yish borasida salmoqli natijalarga erishib kelmoqda.
Xususan, mahalliylashtirish dasturi doirasida umumiy qiymati 959,4 mlrd. so`m bo`lgan (rejaga nisbtan 175,5 foiz) yoki o`tgan yilning shu davriga nisbatan 830,1 mlrd. so`mga ko`proq mahsulotlar ishlab chiqarildi. Yil yakuni bo`yicha 1 250 mlrd. so`mlik (rejaga nisbatan 145,6 foiz) mahsulot ishlab chiqarilishi kutilmoqda.
Dasturga ko`ra, jami 13 xil turdagi yangi mahsulotlar o`zlashtirilib, hisobot davrida 687,9 mlrd. so`mlik mahsulot realizasiya qilindi. Shundan 3,14 mln. AQSh dollariga teng mahsulotlar eksportga yo`naltirildi.
Joriy yilning aprel oyida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi negizida Evro 4,5 standartidagi dizel yoqilg`isi va avgustda esa Muborak gazni qayta ishlash zavodida suyultirilgan gaz ishlab chiqarishning quvvatlarini oshirish loyihalari ishga tushirildi.

Mahsulot realizasiyasi va mahalliy tovarlarga bo`lgan talabni inobatga olgan holda jamiyat tomonidan keyingi hisobot yilidagi ish rejasiga ko`ra, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan birga mahsulotlarning yangi turlarini o`zlashtirish ko`zda tutilmoqda. Unga ko`ra 2021 yilda 20 ta loyiha doirasida umumiy qiymati 3 076,8 mlrd. so`mlik yoki joriy yil ko`rsatkichiga nisbatan 300,2 foiz ko`proq mahsulot ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.
Import o`rnini bosuvchi mahalliy mahsulotlarga bo`lgan talabni qondirish va importni qisqartirish dasturi doirasida qiymati 214,6 mln. AQSh dollarlik mahsulotlar importi o`rni qoplandi. Bu esa o`z o`rnida dastur rejasining 112,3 foizga bajarilishi, shu jumladan 187,8 mln. AQSh dollari – mahalliylashtirish hisobiga va 26,9 mln. AQSh dollari – tarmoqlararo koorperasiya aloqalarining yo`lga qo`yilishi hisobiga amalga oshirildi.

“O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining tashabbusi bilan “Tarmoq-hudud” tamoyiliga asoslangan kooperasiya aloqalari o`rnatildi. Ushbu aloqalar samarasi o`laroq hozirda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni topish, ularning ishlab chiqarish quvvatlari va texnik imkoniyatlarini chuqur o`rganish, mahsulotlarning yangi turlarini o`zlashtirishda ko`maklashish va albatta ular bilan kooperasiya aloqalarini o`rnatish muhim vazifa etib belgilangan.
Tarmoqlararo kooperasiya aloqalarini kengaytirish, import mahsulotlariga bo`lgan talabni bosqichma-bosqich kamaytirish bo`yicha yagona elektron kooperasiya portali orqali "O`zbekneftgaz"AJ va mahalliy ishlab chiqaruvchilar o`rtasida 522,4 mlrd.so`mlik 1540 ta shartnomalar imzolandi. Xarid qilingan mahsulot va xizmatlar respublikaning 12 ta viloyatini qamrab olib, 200 dan ortiq tadbirkorlik sub`ektlarini o`z ichiga oladi.

Importdan xarid qilingan 20 turdagi yangi mahsulot turlarini o`zlashtirish bo`yicha yo`l xaritalari ishlab chiqilib, ularni amalga oshirish natijasida yil oxiriga qadar 6 mln. dollarlik import hajmi qisqartiriladi.
Jumladan, aprel-iyul oylarida “Global Xim Reagent” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi quduqlarida va gazni kompleks tayyorlash texnologik qurilmasida hamda O`rtabuloq-MGQIZ gaz quvurlarida ingibitor korroziya kimyoviy reagenti sanoat-tajriba sinovlaridan o`tkazilib, ijobiy natija ko`rsatdi.
“Chilon Lubricants” MChJ tomonidan reduktorlar uchun mo`ljallangan “Chilon NVI S 680” markali sintetik moyi ishlab chiqarildi. Iyul oyida “Uz-Kor Gas Chemical” qo`shma korxonasi tomonidan ushbu mahalliy moy import analogi parametrlariga mosligi aniqlandi. Sintetik moyini granulalarni quritish uskunasida sanoat-tajriba sinovlarini o`tkazish joriy yilning noyabr oyiga rejalashtirilgan.

Joriy yilning may-iyun oylarida “Shturval” MChJ tomonidan Muborak gazni qayta ishlash zavodida mahalliy aktivlashtirilgan ko`mir sanoat tajriba sinovlaridan o`tkazildi va ijobiy natijaga erishildi.
“Shturval” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan mahalliy NaA markali seolitlar hozirda “UzKFITI” ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya sinovlaridan o`tkazilmoqda. Sinov ishlari ijobiy natijalari asosida noyabr oyida sanoat-tajriba sinovlari o`tkazish rejalashtirilgan.
“Spart Sistem” MChJning bosim o`lchagichlari va bosim farqi o`lchash datchiklari Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Sho`rtan, Muborak neft va gaz qazib chiqarish, Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmalarida sanoat-tajriba sinovlari o`tkazildi. Uning ijobiy natijalari asosida 16 iyul kuni “O`zstandart” agentligi tomonidan mahsulotlarga muvofiqlik standarti olindi.
Shuningdek, “Standart Pribor” MChJning “Floread” rusumli gaz, suyuqlik va par sarfi o`lchagichlari, “Jizzakh Him Plast” QK MChJning “HIGH FLOW” rusumli filtrlari, “Shturval” MChJning SaA markali seoliti, “Gidro Stanko Servivis” MChJning neft va gaz uskunalarini o`zlashtirish bo`yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, innovasion ishlanmalarni rivojlantirish va ishlab chiqarishga tadbiq etish, shuningdek, ilm-fan sohasidagi kadrlarni tayyorlash maqsadida tarmoq korxonalari negizida ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda.
Mazkur ilmiy-tadqiqot markazlarida ilmiy ishlanmalar, energetika, neft va gaz sohasida jahon tendensiyasiga mos innovasion loyihalar va ularni patentlash, yosh kadrlarni sohaga ilmiy yondashish ko`nikmalarini shakllantirish va malakali kadrlarning ilmiy kvalifikasiyasini yanada oshirish kabi bir necha yo`nalishlar qamrab olinadi.
Bundan tashqari yangi innovasion ishlanmalarni qo`llab-quvvatlash maqsadida respublikaning bir qator ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlik o`rnatilgan. “UzKFITI” bilan “Gazlar va suyuqliklarni quritish va tozalashda qo`llaniladigan alyumooksid adsorbentlarni shakllantirish qonuniyatlarini o`rganish va sintezlash omillarini ishlab chiqish” loyihasi shular jumlasidandir. Shuningdek, Umumiy va noorganik kimyo instituti olimlari tomonidan “Vodorod sulfididan import o`rnini bosuvchi natriy sulfid olish texnologiyasi”, “Vodorod sulfididan import o`rnini bosuvchi odorant olish texnologiyasi” borasida olib borilayotgan ilmiy ishlarni amalga oshirishda amaliy yordam ko`rsatilmoqda.

“O`zbekneftgaz” AJ tarmoq korxonalarining tayyor mahsulotlari, ularga talab etiladigan xomashyo, butlovchi buyum va materiallarning onlayn ko`rgazmasini yaratish loyihasi sayti tayyorlandi. Hozirgi kunda sayt test rejimida faoliyat yuritmoqda, unga 1 500 dan ziyod mahsulotlar namunalari yuklandi. Onlayn ko`rgazma o`z ichiga har-bir mahsulotning virtual 360 gradusli ko`rinishi, shuningdek, mahsulotning texnik tavsifi to`g`risidagi to`liq ma`lumotlarni olishi belgilangan. Bu esa o`z navbatida mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan kooperasiya aloqalarini o`rnatishda intensivlik va operativlik kabi omillarning rivojlanishiga ijobiy turtki bo`lib xizmat qiladi.
Ma`lumot uchun: Onlayn ko`rgazma alohida elektron platforma ko`rinishida ishlab chiqilib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni “O`zbekneftgaz” AJ tarkibidagi har bir korxona ehtiyoji uchun zarur bo`ladigan moddiy-texnik resurslar bilan kengroq tanishtirish maqsadida tashkil etilmoqda. Ko`rgazmadan “O`zbekneftgaz” AJ tarkibidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari hamda ular ehtiyoji uchun zarur bo`ladigan mahsulotlar, butlovchi qism va materiallar o`rin oladi.
Ushbu ko`rgazma keyinchalik respublika yagona elektron kooperasiya portali (cooperation.uz) hamda “O`zbekneftgaz” AJ tomonidan joriy etilayotgan SAP ARIBA avtomatlashtirilgan tizimlariga integrasiya qilinadi. Bundan tashqari jamiyatning rasmiy veb-saytida doimiy ravishda joylashtiriladi.






