Paxtachi tumani paxtakorlari joriy yilda 8195 gektar maydonda g`o`za parvarishlab, 25 ming tonnadan ortiq paxta terib oldi. Tumanda ko`p yildan buyon hosildorlik bu yilgichalik bo`lmagandi. Xo`sh, joriy yilda nimaning hisobiga bu qadar yuqori hosildorlik kuzatildi? Bu borada Zarnews fermer javoblarini havola etdi.
- Bu, avvalo, yangi tizim, yangicha yondashuv bilan bog`liq, - deydi tuman qishloq xo`jaligi bo`limi boshlig`i G`olib Absamov. – Ya`ni, klaster tizimi o`zining samarasini yaqqol ko`rsatdi. Yangi tizim va yangi korxonada o`g`it, agrotexnik tadbirlarni kerakli vaqtida o`tkazish, ishlov muddatlariga to`la rioya qilinishi va albatta mehnatga haq to`lash, yuqori manfaatdorlik ushbu muvaffaqiyat omili bo`ldi.
- Paxtachilik sohasida klaster tizimi avvalgisidan qanchalik afzal?
- Bu tizimda etishtirilayotgan mahsulotning egasi aniq. Shunday bo`lgach, fermer ham, xaridor ham manfaatni birinchi o`ringa qo`yadi. Chunki qancha samarali mehnat qilsa ertaga daromadi mehnatiga yarasha bo`lishini yaxshi biladi. Qolaversa, mehnatga va mahsulotga haq to`lashda ham klaster tizimi har tomonlama qulay. Shu bois, tumanimizda ikkita klaster korxonasi tashkil etilib, ularga fermer xo`jaliklari biriktirib berildi. Misol uchun, “Paxtachi klaster” mas`uliyati cheklangan jamiyatiga 548 gektar er maydoni ajratildi va 217 ta fermer xo`jaligi tasarrufidagi 6460 gektar maydon biriktirildi. Davlat ta`minotidan ko`ra klaster korxonasida g`o`zani o`g`itlash, ishlov berish, barcha agrotexnik tadbirlar o`z vaqtida o`tkazish imkoniyati yaratildi. Terim ishlari to`g`ri tashkil etilgani tufayli tumanimiz paxtakorlari 28 ish kunida shartnomada belgilangan hosilni yig`ib-terib oldi. Hosildorlik gektariga 40-41 sentnergacha oshdi.
- Bu tizimda fermer xo`jaliklarining manfaatdorligi qanday?
- Xo`jaliklar etishtirgan xomashyo uchun belgilangan mablag`ni oladi, rejani ortig`i bilan bajargan xo`jaliklarga klaster korxonasi tomonidan oldindan 5 million so`mdan avans mablag`i berilyapti. Shuningdek, fermer xo`jaliklariga shartnoma rejasini 5 foiz orttirib bajarganda 5 million so`mdan, reja 110 foizga etkazilganda 10 million so`mdan naqd pul mablag`i beriladi. Qolaversa, shartnoma rejasini bajargan xo`jaliklarga tuman hokimligi va klaster korxonasi tomonidan qimatbaho sovg`alar berilmoqda.
Darvoqe, erishgan natijamiz viloyat hokimi tomonidan e`tirof etildi. Bu esa g`ayratimizga g`ayrat qo`shdi. Ikkinchi terimdan har kilogramm paxta xomashyosi uchun 1400 so`mdan haq to`lanmoqda va fermer xo`jaliklari ham terilgan 50 kilogramm paxta uchun 1 litrdan yog` qo`shib bermoqda. Dalalarimizda hali hosil mo`l. Shu bois yana 2-2,5 ming tonna “oq oltin” yig`ib-terib olamiz.






