Markaziy bank tomonidan 2020 yilning yanvar-oktyabr oylari uchun "Hududlarda asosiy tovar va xizmatlar inflyasiyasi sharhi" taqdim etildi.
Unga ko`ra, joriy yil oktyabr oyida iste`mol narxlari yuqori inflyasion bosim sharoitida shakllanib, o`tgan oyga nisbatan 1,4 foizga oshgan. Narxlarning oshishiga, asosan, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining sentyabr oyiga nisbatan 2,3 foizga qimmatlashishi sabab bo`ldi. Yanvar-oktyabr oylarida respublika bo`yicha inflyasiya darajasi 7,8 foizni tashkil etdi.
Yilning yanvar-oktyabr oylarida, Toshkent shahrida narxlar o`rtacha 10,9 foizga, Toshkent viloyatida 8,2 foizga, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida mos ravishda 8,1 va 8 foizga oshib, respublika umumiy ko`rsatkichidan yuqori shakllangan bo`lsa, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Surxondaryo, Andijon, Namangan hamda Farg`ona viloyatlarida inflyasiya respublika ko`rsatkichidan pastroq darajada shakllandi