O‘zbekistonda yoshlarning yutuq va tashabbuslarini baholashga qaratilgan "O‘zbekiston yoshlar ligasi" platformasi ishga tushiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 30 iyun kuni Yoshlar kuniga bag‘ishlangan uchrashuvda ma’lum qildi.
Prezidentning aytishicha, yangi platforma orqali yoshlar o‘z natijalari va erishgan yutuqlarini tizimga kiritadi. Ushbu ma’lumotlar tegishli vazirlik va idoralar tomonidan o‘rganilib, ishtirokchilarga maxsus reyting ballari beriladi.
Qayd etilishicha, eng yuqori ball to‘plagan yoshlarga ta’lim grantlari, kontrakt to‘lovi uchun chegirmalar, "kasb vauçeri" hamda xorijda tahsil olish xarajatlarini qoplash imkoniyati taqdim etiladi.
Shuningdek, ular tadbirkorlik faoliyati uchun imtiyozli kredit olish, akselerator dasturlarida ishtirok etish, xorijda stajirovka o‘tash, davlat xizmati kadrlar zaxirasiga kiritilish va uy-joy sotib olish uchun imtiyozli ipoteka kreditlaridan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.
Yil yakunida esa eng yuqori natija qayd etgan yigit-qizlar tantanali ravishda taqdirlanadi.
Prezidentning ta’kidlashicha, "O‘zbekiston yoshlar ligasi" mamlakatdagi maktab va texnikum o‘quvchilari, mahalliy va xorijiy oliygohlarda tahsil olayotgan talabalar, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan yoshlar, davlat va xususiy sektor xodimlari hamda xorijdagi vatandoshlar farzandlarini Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida birlashtiruvchi umummilliy harakatga aylanishi ko‘zda tutilgan.






