1

Sud hujjatlari ijro etish tizimini takomillashtirish yuzasidan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi

Siyosat 17.11.2020, 23:09
Sud hujjatlari ijro etish tizimini takomillashtirish yuzasidan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida sud hujjatlari ijro etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi

Sud qarorlari – qonuniylikni ta`minlash, keltirilgan zararni qoplashda huquqiy asos. Joriy yilning 10 oyida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga 4 millionga yaqin ijro hujjatlari kelib tushgan bo`lib, shundan 1 million 200 mingtasi bajarilmagan. Ya`ni, bugungi kun holatiga 17 trillion so`mlik hujjatlar ijrosi ta`minlanmay turibdi. Buning 7,2 trillion so`mi davlat undiruviga, qolgan 9,7 trillion so`mi jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli. Ushbu mablag`larning undirilishi tadbirkorlarning moliyaviy ahvolini yaxshilash, kam ta`minlangan fuqarolarni qo`llab-quvvatlash, ko`plab ijtimoiy masalalarni hal etishda muhim omil bo`ladi. 

Yig`ilishda sud hujjatlarini ijro etish holati tuman va shaharlar misolida ko`rib chiqildi. Qarzdorliklarni qisqartirish bo`yicha mamlakat darajasida alohida, viloyat va tumanlar miqyosida alohida tizimda ish olib borilishi belgilandi.  

Xususan, Majburiy ijro byurosi 20 milliard so`mdan yuqori qarzlarni undirish bilan shug`ullanadi. Byuroning viloyat boshqarmalari 10 milliard so`mdan 20 milliard so`mgacha bo`lgan qarzlar undiruvi bilan ishlaydi.

MIBning tuman va shahar bo`limi boshliqlari hokimlar va sektor rahbarlari bilan birga og`ir ahvolga tushib qolgan qarzdorlarning manzilli ro`yxatlarini tuzib, ularga ko`maklashadi. Buning uchun, undiruvchi iltimosiga ko`ra ijro ishi yuritishni to`xtatib turish to`g`risida qaror qabul qilish vakolati sudlardan davlat ijrochisiga o`tkaziladi.

Shuningdek, Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsmanga davlat daromadiga undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari bo`yicha tadbirkorlik sub`ektlarining qarzlari yuzasidan ijroni kechiktirish yoki bo`lib-bo`lib ijro etish to`g`risida murojaat etish huquqi beriladi.

Yig`ilishda qarzdorning mol-mulki yo`qligi sababli to`xtatilgan ijro hujjatlari bilan ishlash masalasi muhokama qilindi. Qarzdorlar to`g`risida yagona elektron platforma yaratib, ularni notarius, bank, soliq, davlat xizmatlari, bojxona, kadastr, ichki ishlar va boshqa idoralar bazasiga integrasiya qilish zarurligi ta`kidlandi.

Shu paytgacha majburiy ijro ta`minlanishidan hududlarga manfaat yo`q edi. Endilikda undiriladigan mablag`larning bir qismi “temir daftar”, “yoshlar daftari” va “ayollar daftari” bo`yicha jamg`armalarga o`tkaziladigan tartib joriy qilinishi belgilandi.

Davlat ijrochilarining ish hajmi masalasi ham e`tibordan chetda qolmadi. Ko`p joylarda bitta ijrochiga to`g`ri kelayotgan hujjatlar soni me`yorlardan ziyod ekani ko`rsatib o`tildi.

Masalan, mulkiy huquqlarni ro`yxatga olish, ishga tiklash va ish haqi undirish, jarima va kommunal to`lovlarni to`lash kabi 8 toifadagi hujjatlarni majburlovsiz ham amalga oshirish mumkin. Hozirda MIB zimmasida bunday ijro hujjatlari 1,6 millionta, bu esa jami ishlarning 35 foizi. 400 ming so`mgacha bo`lgan mablag`larni undirishga oid hujjatlar bo`lsa 60 foizni tashkil etadi.

Shu bois, sud qarorlarini ijro etishning soddalashtirilgan tartibini joriy qilish, kam miqdordagi mablag`lar bilan axborot texnologiyalari yordamida ishlaydigan maxsus bo`limlar tashkil etish topshiriqlari berildi. Davlat ijrochilarini ilg`or metodikalar asosida qayta tayyorlash muhimligi ta`kidlandi.

Musodara qilingan mulklarni sotish tizimini qayta ko`rib chiqish, “E-ijro auksion”ga qo`yilgan buyumlarni boshqa elektron savdo platformalariga ham integrasiya qilish zarurligi qayd etildi.

Tahlillarga ko`ra, fuqarolar shikoyatlarining qariyb 64 foizini aliment masalalari tashkil etmoqda. Bu boradagi ijro ishlari va to`lovlarning yagona hisobi yo`lga qo`yilmagani ko`plab tushunmovchiliklarga sabab bo`lmoqda. Shu bois, aliment oluvchilar va to`lovchilarning to`liq reestrini shakllantirib, avtomatlashgan nazorat tizimini joriy qilish vazifasi qo`yildi.

Ma`lumki, joriy yil 1 avgustdan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz bo`yicha qarzdorlikni undirish vakolati shtatlari bilan elektr va gaz ta`minoti korxonalariga o`tkazildi. Elektr tarmoqlarining 3,5 trillion so`m, tabiiy gaz etkazib beruvchilarning 11 trillion so`m debitor qarzdorligi borligi qayd etilib, ularni qisqartirish bo`yicha qat`iy ish olib borish kerakligi aytildi.

Sud hujjatlarini ijro etish samaradorligini oshirish bo`yicha Bosh prokuror rahbarligida Respublika kengashi va viloyat hokimlari boshchiligida hududiy kengashlar tuzilib, ularga viloyat prokurorlari o`rinbosar etib biriktirilishi belgilandi.

Videoselektor yig`ilishida joylarda qishga tayyorgarlik ishlari ham tanqidiy ko`rib chiqildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.

 


 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1