“Sog`lom ona va bola” yili munosabati bilan yangi loyihani yo`lga qo`ydik. Mazkur loyihada mashhur onalar bilan ularning farzandlari bilan birgalikda tarbiya usullari va farzandlar yutuqlarga erishishi uchun nimalarga e`tibor berish kerakligi va boshqa oilaviy mavzularda suhbatlashamiz. Loyihamizning birinchi mehmoni O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Ra`no Shodieva.
“Tarbiya mehrdan boshlanadi!”
— Har bir ota-ona o`z farzandiga juda ham e`tiborli va mehrli bo`lishi kerak. Bola qanchalik mehrga to`yib yashasa uni kelajagi ham shunchalik go`zal bo`ladi deb hisoblayman. O`ylaymanki, komil, qalbi go`zal inson voyaga etkazishni istagan ona albatta o`z farzandidan mehrini ayamaydi.
“Do`st emas, ona bo`ling!”
— Ko`pgina onalardan “bola bilan do`st bo`lish kerak” degan fikrni eshitganman. Ammo shaxsan o`zim bu fikrni oqlamayman. Farzand bilan onalik munosabatini saqlab qolish o`ta muhim. Ammo shu bilan birga farzandingiz qalbidagi kechayotgan tuyg`ularni sizga ayta olsin. Men farzandlarim bilan do`st emasman, ammo do`stlariga aytmagan gaplarini men bilan bo`lishishlariga ishonaman.
Balog`at yoshida...
— Bolaning o`smirlik davri nafaqat uning o`zi, balki ota-onalar uchun ham juda qiyin davr. Men bu paytda farzandlarimni tinglashga, muammolarini his etishga harakat qilardim. Bolalarimning 15-16 yoshdagi muammolarini faqatgina kuchli e`tibor bilangina engganman. Ya`ni ularga xuddi chaqaloqqa qaragandek ahamiyatli bo`lib ish tutganman.
Mehnatkashlik muhim fazilat
— Bolalarimizga doim mehnatkash bo`lgin deb aytaman. Kichik yoshlaridanoq ko`zlagan maqsadiga erishishda izlanishdan to`xtamasligini ta`kidlab kelaman. Niyatim ulardagi bolalikdan singdirilgan mehnatkashlik butun umrga saqlanib qolsin!
Eng qadrli sovg`a...
Ona farzandidan nima ham kutishi mumkin? Faqat shirin so`z va mehr. Ana shu narsaning o`zi har qanday qimmatbaho sovg`alardan ustun aslida. Uchta bolamning ham bog`chada va maktabda o`z qo`llari bilan yasagan tabrik qog`ozlari, rangli qog`ozlardan yasagan o`yinchoqlarini bugungacha asrab-avaylab kelaman.
“Masha va Maymoq”qa rahmat!”
— Kichik o`g`lim Amirxon juda ham sho`x. Bir daqiqa jim o`tirganini ko`rmaysiz. Doim nima bilan band yuradi. “Masha va maymoq” multfilmi chiqqanidan beri sal qulog`imiz tinchigan. O`sha boshlandi deguncha uyimiz ti-i-inch bo`lib qoladi (kuladi). Ishonasizmi, yigirma daqiqa davom etadigan multfilmdan bir lahzaga ham ko`zini uzmay tomosha qiladi Unga qarab, dadasi ikkimiz, shu multfilmni yaratgan odamga ota-onalar nomidan “Oskar” mukofotini berish kerak deb kulamiz.
“Qattiqqo`l onaman”
— Oilamizda farzandlarning o`qishiga juda katta e`tibor beriladi. Agar bilim olishiga biror bir qo`shimcha qiziqishi halaqit beradigan bo`lsa ulardan voz kechamiz. Shuningdek, oilamizda barchamiz uchun qadrli an`anamiz bor. Kechki ovqatga oila a`zolarining bari bir vaqtda yig`ilishi shart. Ya`ni kim nima ish bilan band bo`lmasin kechki soat 19:00ga uyga etib kelishi kerak. Ammo shu kunlarda bu odatimiz biroz o`zgargan. Chunki ikki to`ng`ichimiz oliy o`quv yurtiga kirish uchun tayyorlanishyapti. Ya`ni darsdan keyin qo`shimcha saboqlarga borishyapti. Ota-onam yoshligimizda bizga ham qattiqqo`l bo`lishgan. Bu vaqt o`tishi bilan o`z samarasini ko`rsatdi. Shuning uchun ham ko`pincha onamning tarbiya usullarini bolalarimda qo`llayman.
“Oilaviy hordiqqa nima etsin!”
— Oilamizda hordiq chiqarish uchun barcha tashkiliy ishlar turmush o`rtog`imning zimmasida. Ko`p hollarda bu kutilmagan holda sodir bo`ladi. Masalan, bugun soat 17:00 da biror joyga boramiz dedilarmi, hammamiz boshqa ishlarni yig`ishtirib darhol tayyorgarlikni boshlaymiz. Aytib o`tganimdek, bugungi kunda oilaviy tartibimiz biroz o`zgargan. Shu sabab katta farzandlarimizning dam olishga ham vaqti kam. Lekin bir haftada bir marta kenjatoyimizni bog` yoki bolalar o`yingohlariga olib borishni kanda qilmaymiz.
“Amirxon teatr shaydosi...”
— Kenja o`g`lim Amirxon spektakl tomosha qilishni yaxshi ko`radi. Esimda, birinchi marta teatrga borganimizda bir yarim soat indamay spektaklni tomosha qilgan. Hatto undan katta bolalar ham injiqlanib, shovqin qilishgan, lekin uning e`tibori faqat sahnadagi voqealarda bo`lgan. Shuning uchun hozir ham bir oyda bir marta bolalar teatriga borib turamiz. Teatr bolalar uchun ma`naviy ozuqa deb hisoblayman.
“Mening bolalarim boshqacha...”
— Har bir ota-ona uchun o`z farzandi boshqalarnikiga qaraganda yaxshiroq, chiroyliroq, aqlliroq ko`rinsa kerak. Shu o`rinda menga ham o`z farzandlarim hammadan yaxshi ko`rinishi tabiiy. Yaratganga ming shukrki, shu kungacha hech qaysi bolamning ortidan yomon, dilni xira qiladigan gap eshitmadim. Bundan keyin ham faqat bizga rahmat olib kelishsin deb niyat qilaman.
“Bola rashki...”
— Ikki to`ng`ichim ketma-ket tug`ilgani uchun egizakdek katta bo`lishgan. Kichkinam esa oradan 14 yil o`tgandan keyin tug`ildi. Shuning uchun kattalarim emas, ko`proq kichkintoyim aka-opasidan meni rashk qiladi. Ularni erkalatadigan bo`lsam, shu zahoti arazlab qoladi.
Ona bu...
— Butun olam.
Bola bu...
— Ona qalbi.