AsosiyJamiyat

Shahnoza Mirziyoyeva: “Men zo‘ravonlikni tasodif deb hisoblamayman — bu kattalarning ongli tanlovidir”

Toshkent viloyatida o‘z qizining nomusiga tekkan erkak 12 yilga qamaldi.

'Shahnoza Mirziyoyeva: “Men zo‘ravonlikni tasodif deb hisoblamayman — bu kattalarning ongli tanlovidir”'ning rasmi

Toshkent viloyatida o‘z qizining nomusiga tekkan erkak 12 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, agentlikning Toshkent viloyati tumanlaridan birida oilaning holatini o‘rganish jarayonida voyaga yetmagan qizga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgani aniqlangan. Oilaning ijtimoiy maqomini belgilash va ehtiyojmandlar ro‘yxatiga kiritish maqsadida agentlikning ijtimoiy xodimi xizmat ko‘rsatish doirasida oila a’zolarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga yuborgan. Aynan shu ko‘rik qizaloq avval gapira olmagan voqealarni ochiqlashga turtki bo‘lgan. Bu rasmiy tergov jarayonini boshlashga asos bo‘ldi.

24 iyul kuni sud qaroriga ko‘ra, erkak o‘z farzandiga nisbatan og‘ir jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topildi. Sud tomonidan unga Jinoyat kodeksining 118-moddasi 3-qismi, “a”, “b”, “e” bandlari (18 yoshga to‘lmagan yaqin qarindoshga nisbatan nomusga tegish og‘ir oqibatlarga olib kelishi) asosida 12 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

 “Bu sud hukmi qizaloqning manfaatlarini ta’minlash va uning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan e’tibor, ayniqsa Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun qabul qilingani tufayli amalga oshdi”, deya yozdi Shahnoza Mirziyoyeva o‘z sahifasida.

Unga ko‘ra, qizning xavfsizligini ta’minlash maqsadida u vaqtincha oilaviy bolalar uyiga joylashtirildi. Kompleks baholash natijasida onasi qaramog‘iga topshirildi. Hozirda u doimiy himoya ostida bo‘lib, tiklanish jarayonidan o‘tmoqda. Unga tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar