AsosiyJamiyat

Toshkent shahrida kvartira ijarasi narxi 12 foizga arzonlashdi

Toshkent shahrida 2016 yilning yanvar oyida uy-joy ijarasi narxi 12 foizga arzonlashdi, deb xabar beradi “Uybor.uz”.

Joriy yilning yanvar oyida poytaxtda kvartira ijarasi narxi 1 metr kvadrat maydonga o`rtacha 37 ming so`mni tashkil etdi.

2015 yil dekabr oyi bilan solishtirilganda bu ko`rsatkich narxlarning 12 foizga arzonlashganini anglatadi. Ijara narxi Toshkent shahrining aksariyat tumanlarida arzonlashgan.

Toshkentning Mirzo Ulug`bek va Yashnobod tumanlarida ayniqsa ijara narxi ancha arzonlashgan. Bu tumanlarda ijara narxining 18 foizgacha pasaygani kuzatildi.

Mirobod tumanida Toshkent shahridagi eng yuqori ijara narxlari kuzatildi. Mazkur tumanda 2016 yilning yanvar holatiga ko`ra, 1 metr kvadrat maydon uchun ijara narxi 49 ming so`mni tashkil etadi.

Sirg`ali tumanida esa ijara narxlarining eng arzon miqdori kuzatilgan. Bu tumanda joylashgan uy-joylarning ijara narxi 1 kvadrat metr maydon uchun 20 ming so`mni tashkil etdi.

Shuningdek, Oybek metro bekati, Shevchenko, Nukus ko`chalari va Toshkent univermagi atrofidagi hududlarda joylashgan uy-joylar ijarasi eng qimmat hisoblanadi.

Nashrning ma`lum qilishicha, o`tgan oyda ikki va uch xonali kvartiralarga talab katta bo`lgan.

Arzon narxdagi kvartiralarni Toshkent shahridagi Feruza, TTZ, Qorasuv, Sirg`ali, Chilonzor hamda Yunusobod tumanining ayrim hududlaridan topish mumkin.

 

    Boshqa yangiliklar