Muqaddas XOLIQOVA: “O`n sakkiz yoshgacha yashaysan, deyishgandi”

Mutolaa 10.02.2016, 12:11
Muqaddas XOLIQOVA: “O`n sakkiz yoshgacha yashaysan, deyishgandi”

Bugungi qahramonimiz tilga olinganida Zulfiya Mo`minovaning “Ayolga baxt bering, saodat bering, demang yuribdi-ku kulib, jilmayib, Ayol kulib turib o`lishi mumkin, Dunyoni olishi mumkin jilmayib...” satrlari yodimga tushaveradi. Ha, chindan ham qahramonimiz hayotning achchiq zarbalaridan takror va takror toblangan. Shunga qaramay, kulib yurishga, atrofga pushtirang ko`zonakdan qarab, faqat yaxshiliklar izlashga odatlangan. O`zbekiston xalq artisti Muqaddas XOLIQOVA ortga nazar tashlab, umr va hayot yo`lini yodga oldi...

TO`ShAKKA MIXLAGAN OTA “MEROS” XASTALIK...

— Bolaligim bu – hayotimning eng baxtli damlari edi. Boisi ota-onam yonimda, suyangan tog`im, himoyachim borligini his qilardim. Bog`cha opam qo`limga qizib turgan dazmolni bosishiga qaraganda juda sho`x qiz bo`lganman chog`i. Yodimda, qo`limdagi pufakchalarni ko`rib, otam Shomaqsud Shojalilov o`sha bog`cha opamni ishdan bo`shattirgandi.

Hatto, 1-sonli maktabga birinchi sinfga ham ota-onam birgalikda qo`limdan etaklab, olib borishgan. Ochig`i, yomon bahoga o`qiganman. Sababi, egnimdagi kiyimimdan uyalganim sababli “doska”ga chiqib javob berishdan bosh tortardim. Xulqim yomonligidan onam Xatira Xoliqova ustozlarim oldida ko`pincha izza bo`lardi.

O`g`il bolalar bilan urishganimda otgan narsalarim sinfxona oynasiga tegib sinardi-da, onam arang badalini to`lardi. “Qachon odam bo`lasan?” derdi doim. Bari asabim chatoqligidan edi. Bunga esa otamdan “meros” – “yurak parogi” xastaligi bo`lgan. Shuni oqibatida revmatizmga chalinib, etti oy oyoqdan qolganman. Chortoq bolalar sanatoriysiga joylashtirishgan, o`qishimni o`sha erda davom ettirganman. Bilasizmi, odamlar kasal ko`rgani keladigan shom vaqtini yomon ko`rardim, hozir ham shunday. Otam dunyodan o`tgach, onam yolg`izligi, moddiy tomondan imkonsizligi sabab, oldimga kelolmasdi, derazaga termulgancha yotaverardim. Tog`a, xolalarim “bola-ku”, deb ko`rgani kelmagan shekilli. Faqatgina goh-goh amakim kelib qolardi. Yolg`iz qolishdan hozir ham qo`rqqanim uchun shifoxonaga yotdim, deguncha shom vaqti qizlarimni chaqirib olaman. Yo`qsa, bolalikdagi xotiralar tinchlik bermaydi-da.

Sanatoriyda sahna ko`rinishlarini qo`yardik, menga qarsak chalinardi. Bu esa meni ruhan davolagan. San`atga bo`lgan mehr o`sha damda paydo bo`lgan. Toshkentga qaytgach, onamga “faqat san`atkor bo`laman” deganman, rad etmagan. Chunki shifokorlar “Qizingiz 18 yoshgacha yashaydi”, degan ekan-da. “O`sha yoshgacha armon ko`rmay yashay qolsin”, deb ko`nglimga qaragan. Eng qizig`i, bu haqda qirq besh yoshimda xabar topganman. Onam uyimizga mehmonga kelganida turmush o`rtog`im “Nega qizingizni san`atkor bo`lishiga rozilik bergansiz, doim ishda, uy ishlari, farzandlar o`zimga qolib ketgan”, deganida “Voy, Adhamjon, shifokorlar “qizingiz 18 yoshgacha yashaydi”, degani uchun rozi bo`lgandim, bunday uzoq yashashini kim bilibdi, deysiz”, deb kulgandi (miriqib kuladi).

5-sinfda o`qib yurgan vaqtimda raxmatli ustozim Uchqun Rahmonov teatr to`garagiga olib borgan. 10-sinfni tamomlayotgan vaqtimda ham direktorim “senga qo`ng`iroq qilishdi, teatr to`garagiga borishing kerak, spektakling bor ekan”, derdi. Ishonsangiz, teatr meni oyoqqa turg`izgan. Sahnada baliq suvda suzgandek suzardim. O`shandan keyin ancha vaqt shifoxonaga yotganimni eslolmayman.

“TOBUTNING ORTIDAN YaLANGOYoQ YuGURGANMAN”

— Afsuski, bolalikdagi baxtli damlarim uzoqqa cho`zilmadi. To`qqiz yoshimda qirq to`rt yoshli otam vafot etdi. Yuragi xastaligi sabab, shifoxonada ko`p davolangani yodimda. Tez ulg`ayganim, ro`zg`or tashvishi elkamga tushganining boisi ham shunda. Onam oyoq kiyim fabrikasida tikuvchilik qilishidan tashqari, zarurat yuzasidan ikkita-uchta joyda farrosh bo`lib ishlardi, akam bilan yordam berardik. Sira mehnatdan or qilib, uyalmaganmiz. Bolaligimiz tez tugab, o`ksik davrlarimiz boshlangan. Yodimda, tengqurlarimdek chiroyli liboslar kiygim kelar, akam kostyum-shimi bo`lishini orzu qilardi. Lekin biz hatto mehmonga borsak ham faqat maktab formasini kiyardik.

Bilasizmi, kiyimli, ko`zi ochib-yumiladigan qo`g`irchog`im bo`lishini orzu qilardim. Otam vafotidan uch oy avval kiyimsiz qo`g`irchoq sovg`a qilgan-da, “onang chiroyli kiyim tikib beradi”, degan. Orzuimdagidek qo`g`irchoqqa puli etmagan chog`i. Yigirma ikki yoshimda Qashqadaryoga borganimda bolalikdagi niyatimga etganman. “Zolushka” nomli o`sha qo`g`irchog`imni hech kimga ishonmasdim, lekin kichkina qizim yo`qotib qo`ygan (kuladi).

Bolaligimda o`yinchoq o`ynolmaganim uchun aqlimni taniganimdan beri xobbim – o`yinchoq yig`ish. Kimgadir sovg`a olsam ham o`yinchoq xarid qilaman. Lekin ko`pchilik “yosh bolamanmi?” deb bu e`tiborimni nazarga ilmaydi.

1969 yil 21 mart edi... Ko`chadan terlab kirganimni ko`rgan otam “Endi o`g`il bolalar bilan o`ynamagin, katta qiz bo`lib qolding”, deb nasihat qildi. Erkakshoda bo`lganim uchunmi, qizlar bilan chiqishmasdim. Tushlikda uxlab tursam, ayvonda o`tirgan otamga ko`zim tushdi, rangi bir ahvolda. Darhol onamni chaqirdim, o`shanda otam o`zini bilmay qolgan ekan.

Uyimizga kelmagan “tez yordam” mashinasi qolmadi, Langar mahalla “tez yordam” mashinasiga to`lgandi. Otam kechasi soat 21.00da jon bergan. “Aka, balki otam tirikdir”, desam, “yo`q, o`ldi...” degan (ko`ziga yosh oldi). O`sha damda tez yordam mashinasi oynalarini sindirib, “Nega otamni o`lishiga yo`l qo`ydingiz?” deb shifokorlarni do`pposlagim kelgan. Lekin bu g`alayon ichimdagina sodir bo`ldi, xolos. Akam bilan har kuni navbatma-navbat otamning yonida uxlardik. O`sha kuni mening galim edi, biroq otamning yoniga qo`yishmagan. Ayvonda xayollar ummoniga sho`ng`igancha, otamga termilib o`tirganman. Tong otgach, sharros yog`ayotgan yomg`irga qaramay, tobutning ortidan yalangoyoq ketaverganim yodimda...

“HECh QAChON BOSh QAHRAMONLAR ROLINI IJRO ETMAYSAN!”

— Maktabni tamomlaganimda ustozim Uchqun Rahmonov hozirgi O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutiga olib borgan, hujjatlarimni topshirganman. Imtihonlarni ko`ngildagidek topshirib, drama va kino aktyorligi fakultetiga o`qishga qabul qilinganman. O`qish vaqtida baxtdan oyog`im erga tegmay, “uchib” yurardim. Hatto rolim uchun tikilgan uzun ko`ylaklar bilan qoqilmay, sahnada eldek elardim. Baxtim shunda ediki, ikkita diplom spektakli menga atab qo`yilgan. Ya`ni, 18 yoshimda Garsia Lorkaning “Qonli to`y” tragediyasida qaynonani va “Mehmonxona bekasi”da Merandolina rolini o`ynaganman. Qani edi hozir ham shunday klassik asarlar sahnalashtirilsa, rolda cho`milib o`ynasang...

Institutni tamomlaganimdan so`ng ustozim professor Lola Agzamovnaning o`zi hozirgi O`zbek Milliy akademik drama teatriga olib borgan. U erda Shukur Burxonov, Nabi Rahimov, Tolib Karimov, Rixsi Ibrohimova kabi katta-katta ustozlardan iborat badiiy kengash a`zolari meni suhbatdan o`tkazishgan. 1981 yil bir yil sinov muddati bilan ishga qabul qilinganman. O`shanda ustozim Lola opa “Sen bu gavdang, ovozing bilan hech qachon bosh qahramonlar rolini ijro etmaysan!” degandi. Shunda “ularni yonida onasi, enagasi yo dugonasi bo`ladi-ku”, degan javob qaytargandim. Hayot charxpalak misol ekan, san`atni tanlagan qizim Zebiniso Xoliqovaga ustozimning so`zlarini aytsam, o`zimni javobimni qaytarsa deng.

Yosh qiz bo`lishimga qaramay, o`n yil ommaviy sahnalarda ishtirok etib yurdim. Chunki ustozlarim “Rolni katta-kichigi bo`lmaydi”, deb o`rgatishgan-da. Ommaviy sahnada qatnashsang ham holatda tursang, tomoshabinning o`zi seni topib oladi. Bugungi kunda matnni ko`r-ko`rona yodlab oladiganlar ko`p, ular aktyor emas! Aktyor rolida yashashi kerak, bu uning vazifasi.

Aktrisa sifatida 1987-89 yillarda shakllandim. “Semurg`”da Parizod, “Najot istab”da qaynona rolini ishonib topshirishdi. Lekin afsuski televidenie uchun yozib olinganda boshqa aktrisa suratga tushgan. Negadir shunday vaqtlarda doim dublyorlarimga omad kulib boqadi.

SPEKTAKL TUGAGUNChA KELINNI KUTGAN KUYoV

— 1990 yil ijodim gurkiragan vaqt bir oy davomida Adham aka har kuni ijroimdagi spektakllarni ko`rishni kanda qilmabdi. So`ng hamkasblarimdan surishtirsa, bir erkak aktyorimiz “Muqaddas shallaqi qahramonlar rollarini o`ynaydi. Bilmasam hayotda qanaqa, balki yaxshidir...” deya ilmoqli javob bergan. Yana bir aktrisamiz “Bu qiz sizga to`g`ri kelmaydi”, degan ekan. Kunlarning birida nazoratchi ayol xat olib kirdi. Unda “Muqaddasxon, siz bilan spektakldan keyin ko`rishsak bo`ladimi? Adhambek. 12.11.1989 yil” deb yozilgandi. Aynan spektakl, degan so`z yozilgani sabab, uchrashuvga rozilik bildirganman. O`sha kuni uyimgacha uch bekat piyoda yurib borganmiz. Xayrlasha turib, “Ikkimiz ham katta yoshli odammiz. O`ldim-kuydim, deb yurmayman. Siz bilan oila qurmoqchiman. Ha yo yo`q, deyishdan oldin uch kun yaxshilab o`ylab ko`ring”, degan. Shunda “teatrdagi ishimni tashlamoqchimasman”, desam, “men ham buni istamayman”, degan. Shu gap taqdirimizni birlashtirib, 8 yanvarda to`y qilganmiz. To`y kuni “Semurg`”da Parizodni o`ynashimga to`g`ri kelib qolgan. Adham akaga to`yga spektakldan keyin borishimizni aytganman. Qaynonam Adham akaga “aravasiga tushganingdan keyin ashulasini ham aytasan”, degan ekanlar (kuladi). Teatrdan kiyinib, pardoz qilib chiqqgunimga qadar kuyov kutib turgan. So`ng ustozimiz Ikroma Boltaevaning oq fotihasi bilan yo`lga chiqqanmiz. Avval qaynona-qaynotamnikiga, keyin onamdan duo olishga uyga borganmiz. Qorda limuzinimiz loyga botib qolgan (miriqib kuladi)...

Xudoga shukr, uch qizimiz bor: Ominaxon, Zebiniso, Guljahon. Ikkita qizimni uzatganman, uchta nabiram bor: Kamronbek, Javlonbek, Munavvaraxon.

“FILMLARDA SURATGA TUShIShNI YoQTIRMAYMAN”

— Uchta farzandni katta qilib, 1995 yilda teatrga ishga qaytdim. Besh yillik tug`ruq ta`tilidan so`ng yangitdan ish boshlagandek bo`ldim. Uch-to`rt yildan so`ng Erkin Xushvaqtovning “Qalliq o`yini” spektaklidagi ishtirokim meni yana Muqaddas Xoliqova degan nomimni tiklab berdi. Yana baxtga qarshi spektakl televideniega yozilgan vaqtda aktrisa Maxfuza Bobotillaeva suratga tushgan.

Kino sohasiga 1984 yilda qadam bosganman. Ochig`i, filmlarda suratga tushishni yoqtirmayman. Boisi yillar o`tgach “Nega bunaqa rol o`ynaganman?” degan savollar tinchlik bermaydi, tajriba baribir o`z so`zini aytadi. O`tish davrida mablag` uchun garchi ssenariysi yoqmasada filmlarda qatnashganman, yashirmayman. 2009 yilda suratga olingan rejissyor Abduvohid G`anievning “Sevginator” filmidagi qaynona rolim ko`nglimga yaqin. Filmdan filmga o`tib yuradigan aktrisalar toifasiga kirmayman. Shu bois filmlarim orasida katta tanaffuslar bor. Aslida kino aktrisa emasman!

“ONAMNI VAFOTIDA O`ZIMNI AYBLAYMAN...”

— Akam Shoahror Shojalilov 2006 yil kuni kutilmaganda 50 yoshni qarshilamay vafot etdi, sira kasal bo`lmagandi. Mart oyini yoqtirmasligimni sababi, 14 martda akam, 21 martda otamdan ayrilganman. Vaqt o`tib, 4 martda Guljaxon qizim, 17 martda nabiram Javlonbek tug`ildi. Yo`qotishlar o`rni to`lgani bois mart oyini yoqtira boshladim.

Onam 2010 yil 80 yoshni qarshilab vafot etdi. 9 fevralda kutilmaganda yiqilib, yotib qoldilar. Ovqat emay qo`ygani uchun 17 fevralda osma dori quydirish maqsadida “katetr” qo`ydirgandim, tildan qoldilar. Shu sabab hozirgacha o`zimni ayblayman, o`tib qolishlari xayolimga kelmagandi... Atay qilgandek, teatrdan qo`ng`iroq qilib “repetisiyaga kelmasang bo`lmaydi”, deb ikkita oyog`ini bir etikka tiqib olishgan. Mayli, ishdan haydasin, deya onamni oldida qoldim. 22 fevralda sobiq teatr direktori Yoqub Ahmedovdan bir oyga ta`til so`ragandim. “Qizimga og`irligim tushyapti, ishiga bora qolsin”, degandek onam ertasi kuni tong saharda jon berdi (ko`ziga yosh oldi)... Nechi yoshda bo`lmaylik, ona ona ekan. Bu bo`shliqni hech kim to`ldira olmaydi. Onam biz bilan yashagani uchun o`rni yaqqolroq sezildi. Xayolimda qo`shni xonadan chiqib kelayotgandek bo`laveradi...

Ketma-ket yo`qotishlarni ko`nglimga yaqin olganimdanmi, 2012 yil dekabr oyida yurak xuruji bilan reanimasiyaga tushib qoldim. Aytsam ishonmaysiz, onam yonimga kelib, “qizim, ishingga kech qolasan, tur”, dedi. “Ona, charchadim, biroz yotay”, deya javob qaytardim. Shunda kelinoyimning onasi Muazzam qudamiz “shuncha ishi bor odamni cho`zilib yotishini qarang”, deb chimirilganidan uyalib shartta o`rnimdan turdim. Ko`zimni ochsam, reanimasiyadaman. Ota-onam, akam yonimda yo`qligi sabab o`zimni yolg`iz sezaman (ko`ziga yosh oldi). Lekin shukr, baxtimga turmush o`rtog`im, farzandlarim va nabiralarim bor.

Sadoqat Allaberganova tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1