O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 22 fevral kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo`yicha kengashi 46-sessiyasining yuqori darajadagi segmenti ishida ishtirok etadi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Inson huquqlari bo`yicha kengash faoliyati butun dunyo bo`ylab inson huquqlari himoyasini ta`minlashga qaratilgan BMT tizimidagi eng nufuzli hukumatlararo organlardan biri hisoblanadi.
Kengashga 47 ta davlat a`zo. O`tgan yil oktyabr oyida mamlakatimiz 2021-2023 yillar davriga ushbu tuzilma a`zosi etib ilk bor saylandi.
Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan kengashning navbatdagi yig`ilishi Jeneva shahrida videoanjuman shaklida o`tkaziladi.
Yig`ilish kun tartibidan inson huquqlariga rioya etilishi va ularni himoya qilish, shu jumladan fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni ta`minlash bilan bog`liq eng dolzarb masalalar o`rin olgan.
Tadbirda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissar Mishel Bachelet, qariyb 150 mamlakatdan davlat, hukumat rahbarlari, tashqi ishlar vazirlari va yuqori darajadagi vakillar ishtirok etishi rejalashtirilgan.
O`zbekiston Prezidenti forumning birinchi kunida, uning yalpi qismida nutq so`zlaydi.
Davlatimiz rahbari o`z nutqida mamlakatimizda demokratik yangilanishlarni chuqurlashtirishning ustuvor yo`nalishlari hamda Inson huquqlari bo`yicha kengash doirasidagi ishlarning asosiy vazifalariga batafsil to`xtaladi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti nutqining to`g`ridan-to`g`ri translyasiyasi mamlakatimizning markaziy telekanallarida ham amalga oshiriladi.