Avvalroq, O`zbekiston – Qirg`iziston rahbarlari o`rtasida imzolangan hujjatlarni almashish marosimi bo`lib o`tgani haqida xabar bergan edik.
Prezident Matbuot xizmatining xabar berishicha, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoev muzokaralar ishonch muhitida o`tgani, tomonlar o`zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish tamoyillari asosida keng miqyosli vazifalarni hal qilishga tayyor ekanini qayd etdi.
"Biz ikki tomonlama munosabatlarning barcha dolzarb masalalarini muhokama qildik. Ustuvor e`tibor savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratildi. O`zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish choralarini ko`rishga kelishib oldik. Shu maqsadda ishbilarmonlar o`rtasidagi aloqalar faollashishi uchun qulay sharoitlar yaratiladi, savdo, sanoat, qishloq xo`jaligi, transport, infratuzilma sohalarida umumiy qiymati 900 million AQSh dollaridan ziyod bo`lgan yangi loyihalar amalga oshiriladi. Ularning barchasi hozirgina qabul qilingan “yo`l xaritasi”ga kiritildi. Investisiya jamg`armasining tashkil etilishi bu loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi. O`zbekiston – Qirg`iziston sherikligida, shubhasiz, muhim o`rin tutadigan hududlararo hamkorlikni faollashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Biz chegaraoldi viloyatlar hokimlarining muntazam uchrashuvlarini o`tkazish, aniq loyiha va tadbirlarni amalga oshirishga kelishib oldik. Ishonchli va samarali transport yo`laklari mamlakatlarimiz iqtisodiyotlari uchun ulkan ahamiyatga ega. Bu borada so`z yuritganda, avvalo, “O`zbekiston-Qirg`iziston-Xitoy” temir yo`li hamda “Toshkent-Andijon-O`sh-Irkeshtom-Qashg`ar” multimodal yo`lagini qayd etish lozim. Biz ushbu yo`nalishlarni ilgari surish bo`yicha o`zaro muvofiqlashgan choralar ko`rish to`g`risida ahdlashib oldik", - dedi Shavkat Mirziyoev.
Davlat rahbarlari savdo va bojxona ishi, investisiyalar, sanoat kooperasiyasi, transport, suvdan foydalanish, energetika, ekologiya sohalarida ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, mudofaa idoralari o`rtasidagi, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish bo`yicha hamkorlikni, madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish zarurligini qayd etdilar.
Prezident Sadir Japarov muzokaralarda keng ko`lamli masalalar bo`yicha fikr almashilgani, uning natijalaridan mamnun ekanini qayd etdi.
O`zbekiston Qirg`izistonning asosiy savdo sheriklaridan biridir. O`zaro hamkorlikning barcha jihatlarini faollashtirish maqsadida parlamentlararo va hukumatlararo komissiyalar majlislari, chegaraoldi viloyatlar hokimlarining uchrashuvlari yaqin vaqtlarda o`tkazish rejalashtirildi. Biznes vakillariga qulay muhit yaratish, tovar ayirboshlash hajmini oshirishga kelishib oldik, – dedi Qirg`iziston Prezidenti.
Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish maslalariga alohida e`tibor qaratildi. Bugungi kunda O`zbekistonda qirg`iz millatiga mansub 300 mingga yaqin fuqarolar yashaydi. Ularga o`z tili, madaniyati va an`analarini asrash va rivojlantirish uchun barcha imkoniyat yaratilgan.
Xalqlarimiz o`rtasidagi do`stlikni mustahkamlash maqsadida madaniyat va kino kunlari, yoshlar forumlari, festival va ko`rgazmalar tashkil etishga kelishib olingani aytildi. Qirg`iziston yoshlariga O`zbekistonning etakchi oliy o`quv yurtlarida ta`lim olish uchun har yili ustuvor yo`nalishlar bo`yicha grantlar ajratish rejalashtirilayotgani ma`lum qilindi.
Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning mamlakatimizga davlat tashrifi davom etmoqda.