AsosiySiyosat

Tashqi ishlar vazirligi delegasiyasi “Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni” forumi yig`ilishida ishtirok etdi

'Tashqi ishlar vazirligi delegasiyasi “Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni” forumi yig`ilishida ishtirok etdi'ning rasmi

2021-yilning 30-mart kuni Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi O`zbekiston Respublikasi delegasiyasi Dushanbeda (Tojikiston) bo`lib o`tgan “Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni” muloqotining to`qqizinchi vazirlar konferensiyasida ishtirok etdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Anjumanda Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Afg`oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G`ani ham ishtirok etdi.

Forum doirasida Afg`onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish hamda uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga yordam berish maqsadida xavfsizlikni ta`minlash hamda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, shuningdek, ishtirokchi mamlakatlar o`rtasida o`zaro ishonchni mustahkamlash choralarini kuchaytirish masalalariga bag`ishlangan muhokamalar bo`lib o`tdi.

Tadbirda O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov nutq so`zlab, ushbu tadbir Forum kun tartibida belgilangan maqsadlarga erishishda muhim ahamiyatga egaligini ta`kidladi.

“O`zbekiston Afg`onistonning tinch, mustaqil va o`zini o`zi ta`minlaydigan davlat sifatida shakllanishidan manfaatdor, – dedi mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri. – Afg`oniston zaminida tinchlik mustahkam bo`lsa, bu butun Markaziy Osiyo uchun barqarorlik va farovonlik garovi hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan O`zbekiston Afg`onistonga nisbatan yaxshi qo`shnichilik, o`zaro hurmat va tenglik tamoyillariga asoslangan do`stona siyosat yuritmoqda.”

Vazir Afg`oniston mojarosini siyosiy yo`l bilan hal etishning muhimligini ta`kidlab, O`zbekistonning xalqaro hamjamiyat bilan Afg`onistondagi infratuzilma va iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish, xususan, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasi va «Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar temir yo`lini qurishning muhim jihatlarini qayd etdi.

O`zbekiston delegasiyasi rahbari forum ishtirokchilarini joriy yil Toshkent shahrida bo`lib o`tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog`liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga taklif qildi.

Tadbir yakuni bo`yicha vazirlarning to`qqizinchi konferensiyasi deklarasiyasi qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar