Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida Vazirlar Mahkamasining avtotransport vositalariga texnik xizmat ko`rsatish hamda ularni xavfsiz ekspluatasiya qilishni yaxshilash to`g`risidagi Qaror loyihasi muhokamasi boshlandi, deb xabar beradi “Norma.uz” nashri.
Mazkur hujjatga ko`ra, 2017 yilning 1 yanvaridan O`zbekiston hududida ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning texnik xizmat ko`rsatish bo`yicha stansiyalariga ega rasmiy dilerlari(yuridik shaxslar) engil hamda yuk tashuvchi avtomobillarni sotish bilan shug`ullanadi.
Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tegishli talablarga javob bergan taqdirdagina ularga sotuvni amalga oshirish uchun hisob-ma`lumotnoma blanklarini taqdim etadi.
Bundan avval esa sotuvdan oldingi texnik ko`rikni o`tkazish uchun boshqa texnik xizmat ko`rsatish stansiyalari bilan shartnoma imzolagan dilerlar ham yangi avtomobillarni sotish bilan shug`ullanar edi.