Men tug`ilgan kun
Bugun mening tug`ilgan kunim,
Meni tuqqan onam, Siz qayda?
Bedor o`tib bormoqda tunim,
Bir og`riq bir qon, jonda, payda.
Tug`ilganman qaysi soatda,
Qancha muddat siz egansiz dard?
Qiz tug`ilish dardi odatda
Bo`lgan ekan Sizda beshafqat.
Bugun mening tug`ilgan kunim,
To`lg`oqdagi holingiz ko`zda:
Kursi quchib kurashasiz jim,
Qotma jussa goh o`t, goh muzda.
Qora terda tanho boshingiz,
Labingiz — dasht jo`yagiday qoq.
Og`zingizga tiqib sochingiz,
Tanangizga solarlar to`lg`oq.
Besh bolangiz darcha ortida
Joningizni ko`rib o`tirgan,
Mening otam qo`shni otida
Kim qaylardan doya qidirgan?
Bor suyakni chok-chokdan so`kib
Ichingizga sig`may ketgan men,
Tanangizning tubida cho`kib,
Chehrangizga entikkan-da men.
Goh dard tutib, gohi u qochib
Ko`zingizdan sachratgan olov.
Faqat azob eshigin ochib,
Chekinishga qo`ygan bo`lsam g`ov.
Tomiringiz bo`ylab ezganim,
To`qqiz oyu to`qqiz kun uyg`oq.
Besh o`g`ilning izidanligim,
Sizlar intiq qizcha tug`ilmoq.
Yuzingizni ko`rishga shoshgan,
Ko`zingizga kirmoq bo`lganim!
Ko`ksingizga tashna lab chopgan,
So`zingizga mushtoq bo`lganim.
Balki tandan qonu yoshlikni
So`rmoqliqdan hijolatligim?
Yuragangiz bir quyoshlikni
Sezib, jonim rohatdaligim.
Go`zal qalbning tagida yotib,
Ezgu hissingizda jo`shganim.
Noyob idrok sehriga botib,
Uxloq she`rga shogird tushganim!
X,a, qoningiz, joningizdagi
Bir jahonni uqib olganim,
Barchasidan uzilish dardi
Yaqinlikdan qo`rqib qolganim —
Bari uchun, — jahannamiy dard
To`lg`og`iga otdim ne muddat? —
Men bilmayman!
Samoviy bir mard,
Jon tug`uvchi ilohiy qudrat —
Bo`lganingiz onlarga ta`zim!
Azob uchun umrimday uzr…
Barin takror etdim men o`zim,
Ona bo`lmoq — azobli huzur…
ZULFIYaXONIM
1972 yil
***
Eng gullagan yoshlik chog`imda...
Eng gullagan yoshlik chog`imda,
Sen ochilding ko`ngil bog`imda.
Shunda ko`rdi ko`zim bahorni,
Shunda qalbim tanidi yorni.
Qushlar sayrar jonimga payvast,
Men sevgining bo`yi bilan mast,
Kuni bilan dalada qoldim,
Lolazorlar ichra yo`qoldim.
Quchoq-quchoq gullar terganim
Va keltirib senga berganim
Kechagiday hamon esimda,
Har soniya, har on esimda.
Shundan beri tilimda oting,
Shundan beri dilimda oting…
Eng gullagan yoshlik chog`imda
Sen ochilding ko`ngil bog`imda.
HAMID OLIMJON
(TURMUSh O`RTOG`I ZULFIYaXONIMGA
ATAB YoZILGAN)
1937 yil