1

Sog`liqni saqlash xodimlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashishga oid eslatma tayyorlandi

Jamiyat 18.05.2021, 20:41
Sog`liqni saqlash xodimlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashishga oid eslatma tayyorlandi

Sog`liqni saqlash tizimini korrupsiyadan holi sohaga aylantirish, korrupsiyaviy holatlarga barham berish, tizimga ochiqlik va shaffoflik prinsiplarini joriy qilish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish hamda korrupsiyani vujudga kelish sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash va bartaraf etish maqsadida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Fuqarolarda huquqiy madaniyatni oshirish hamda jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan preventiv chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 oktyabrdagi “Birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog`liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PF-6110-son Farmoni asosida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga vazirlik bilan hamkorlikda «Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirish bo`yicha dastur ishlab chiqish,  unda, har bir oilaviy poliklinika va shifoxonalarning kirish joylarida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chaqiriqlar, «ishonch telefonlari» va boshqa targ`ibot materiallarini joylashtirish vazifasi yuklatildi.

Mazkur vazifalar ijrosini ta`minlash maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi tomonidan “Yo`l xaritasi” ishlab chiqildi va unga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Sog`liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan                      12 ming  dona targ`ibot materiallari respublika bo`ylab barcha oilaviy poliklinika va shifoxonalarning kirish joylarida joylashtirildi.

Sog`liqni saqlash tizimi xodimlarida korrupsiyaga qarshi kurashish madaniyatini shakllantirish va ularning ushbu sohadagi bilimini oshirish maqsadida “Sog`liqni saqlash xodimlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashishga oid eslatma” tayyorlanib, tizim xodimlariga tarqatildi. Tizimdagi korrupsiyaga oid holatlar haqida tezkor xabar berish uchun “1203” qisqa raqamli «ishonch telefoni» - Call-markaz tashkil etildi.

Shuningdek, tibbiyot muassalarida korrupsiyaviy holatlarni oldini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar holatini o`rganish maqsadida Agentlik tashabbusi bilan Sog`liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda o`rganishlar tashkil etildi. Agentlik tomonidan sog`liqni saqlash tizimidagi davolash-profilaktika muassasalarida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi bo`yicha amalga oshirilgan ishlar joyiga chiqqan holda o`rganildi.

Andijon, Buxoro, Samarqand viloyatlarida o`tkazilgan o`rganishlar davomida davolash profilaktika muassasalarida ajratilgan shtat bo`yicha mutaxassislar bilan ta`minlanish holati, aholiga ko`rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati, moddiy-texnika bazasi, bemorlarga yaratilgan sharoitlar, bepul xizmatdan foydalanish darajasi, dori-darmonlar bilan ta`minlanganligi, tibbiyot xodimlari tomonidan tamagirlikka yo`l qo`yilish holatlari, ishga qabul qilish tartibi kabi masalalarga alohida e`tibor qaratildi. O`rganish natijalariga ko`ra bir qator tizimli muammolar aniqlandi.

Jumladan,

1. Tibbiyot muassasalarida bo`sh (vakant) ish o`rinlari mavjud bo`lishiga qaramay shifokorlar bilan, ayniqsa tor doira mutaxassislari bilan ta`minlanishi etarli darajada emas. Mavjud bo`sh lavozimlarga (vakansiya) oid ma`lumotlarni vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirish va ochiq e`lon qilish tartibi yo`lga qo`yilmagani korrupsiyaviy xavf va firibgarlik holatlarini keltirib chiqarishiga sharoit yaratmoqda. Ishga kirishga nomzodlarga talablar, tanlov o`tkazish tartibi aniq belgilanmagan va ishga joylashish istagida bo`lgan mutaxassis kadrlarning yagona ma`lumotlar bazasi shakllantirilmagan.

2. Tibbiyot sohasida o`rta ma`lumotli kadrlarni maqsadli tayyorlash tizimi to`g`ri prognozlashtirilmagani tufayli o`rta maxsus ma`lumotli kadrlarning respublikada mavjud shtat birliklariga nisbatan nomutanosib tarzda ko`pligi yuzaga kelgan. Ya`ni, hamshiralar soni mavjud ish o`rinlariga nisbatan bir necha barobar ortib ketgani sababli o`rta tibbiy ma`lumoti bo`yicha diplomga ega ko`plab yoshlarni ish bilan ta`minlashda muammolar yuzaga kelib, cheklangan sondagi shtatlarga ishga kirishda korrupsion xavf-xatarni yuzaga keltirmoqda. 

3. Hozirda shifokor va hamshiralar mehnatiga haq ular egallab turgan shtat birligi asosida to`lanmoqda. Ya`ni, ish haqi ish hajmi emas, shtat birligi asosida soatbay to`lanishi sababli ish hajmi turlicha bo`lgan xodimlarga deyarli bir xil maosh to`lanmoqda. Mavjud holat, o`z ishini sifatli bajaradigan xodimlarning ish yuklamasi ortsada, ularga adolatli ish haqi to`lanmasligi, natijada xodimlar o`rtasida nosog`lom muhit hosil bo`lishiga olib kelmoqda. Bu esa bemorlarning sarson bo`lishiga yoki ularga nisbatan ta`magirlik sodir etilishiga olib kelmoqda.

4. Sog`liqni saqlash muassasalarining umumiy tartibda moliyalashtirilishi natijasida tibbiyot muassasalarining rahbarlari tomonidan byudjet mablag`larining maqsadsiz sarflanishi, turli korrupsion yo`llar bilan o`zlashtirish holatlari tez-tez kuzatilmoqda. Bu esa sohaga ajratilayotgan mablag`larning fuqarolarga to`liq etib borishiga har doim ham imkon bermayapti.

5. Butun dunyo mamlakatlarida xususan yurtimizda ham sog`liqni saqlash harajatlari yildan yilga ortib boryapti. Ushbu mablag`larning katta qismi samarali ekanligi ilmiy dalillar bilan asoslanmagan dori vositalari va tibbiy jihozlarni xarid qilishga sarflanadi. Shuningdek, bir xil kimyoviy tarkibdagi dori vositalarining qimmat analoglarini turli korrupsiyaviy yo`llar orqali bir necha barobar qimmat narxlarda xarid qilish holatlari ham uchrab turibdi.

6. Sohada zamonaviy informasion texnologiyalarni joriy etish boshlangan bo`lsada,  bir necha yildan buyon ushbu masalada jiddiy siljish kuzatilmayapti. Natijada, fuqarolarning hamda tizimda faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlarining o`rinli e`tirozlariga sabab bo`luvchi noqulayliklar hali ham bartaraf etilmagani kuzatilmoqda. Jumladan, elektron poliklinika, elektron tibbiy karta, elektron kasallik tarixi, shifokor qabuliga elektron navbatga yozilish va shu kabi boshqa zamonaviy informasion texnologiyalarni tizimga to`la joriy etilishning kechikishi sohadagi korrupsion xavflarni pasaytirishga imkon bermayapti. 

Yuqorida qayd etilgan o`rganish natijalariga ko`ra aniqlangan tizimli muammolar yuzasidan Agentlik tomonidan takliflar ishlab chiqildi.

1. Sog`liqni saqlash vazirligining rasmiy saytida tizimdagi barcha vakant o`rinlar va ularga qo`yilgan talablarni majburiy tarzda ochiq e`lon qilinishini yo`lga  qo`yish. Buning natijasida ochiq va shaffof mexanizm yaratilib, korrupsiya xavfi pasayishiga erishiladi.

2. Kelgusi o`quv yillari uchun o`rta maxsus tibbiyot xodimlarini tayyorlaydigan tibbiyot kollejlariga ajratiladigan qabul kvotalari sonini mavjud ehtiyojdan kelib chiqib qayta ko`rib chiqish.

3. Tibbiyot xodimlarining mehnat unumdorligini oshirish, tizimda o`zaro sog`lom raqobat muhitini yuzaga keltirish hisobiga soha rivojlanishiga erishish, shuningdek sohada bozor mexanizmlarini joriy etish yo`li bilan iqtisodiy samaradorlikni oshirish, ajratilgan byudjet mablag`larining talon-taroj etilishini oldini olish maqsadida tibbiyot xodimlariga bajarilgan ish hajmidan kelib chiqib ish haqi to`lash tizimiga o`tish maqsadga muvofiq. Bunda bajariladigan har bir amalyot uchun xizmat haqi belgilanadi va ko`proq mehnat qilgan xodimlar ko`proq moddiy manfaatdorlikka ega bo`ladi.  Natijada, bemorlarning sarson bo`lishiga yo`l qo`yilmaydi va tibbiy xizmat sifati ham o`sadi. Shuningdek, tizimda ko`p kuzatiladigan, byudjet mablag`larining talon-taroj etilishiga sabab bo`luvchi “o`lik jonlar”  illatiga ham barham beriladi.

4. Sog`liqni saqlash tizimini (muassasalarni) moliyalashda aholi jon boshiga moliyalashtirish tizimiga o`tish. Buning natijasida, tizimda o`zaro sog`lom raqobat yuzaga kelishi va tibbiy xizmat sifati o`sishi bilan bir qatorda, byudjet mablag`larining maqsadsiz sarflash, o`zlashtirish yoki talon-toroj etilishiga nisbatan kuchli jamoatchilik nazorati ham o`rnatiladi.

5. Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan diagnostika va davolash standartlarini ilg`or horijiy tajribadan kelib chiqib “Dalillarga asoslangan tibbiyot” (Evidence-based medicine) tamoyillari asosida qayta ko`rib chiqish va samarali ekanligi klinik sinovlar orqali ilmiy dalillar bilan asoslanmagan dori vositalari va tibbiy jihozlarni diagnostika va davolash standartlaridan chiqarib tashlash. Standartlarni ishlab chiqishda dori vositalarining tijoriy nomlaridan foydalanishga yo`l qo`ymaslik.

6. Sohada zamonaviy informasion texnologiyalarni joriy etish bo`yicha boshlangan ishlarni to`liq qayta inventarizasiyadan o`tkazish va sog`liqni saqlash tizimidagi barcha muassasalar faoliyatni o`ziga qamrab oluvchi, soha xodimlari va fuqarolar uchun qulay bo`lgan, ilg`or horijiy tajribalarni o`zida aks ettirgan yagona elektron platforma (baza) strategiyasini ishlab chiqish va uni amalga oshirish muddatlarini aniq belgilash. Sohada zamonaviy informasion texnologiyalarni joriy etishni birlamchi vazifa deb belgilash.  Buning natijasida tizimda yuzaga kelayotgan ko`plab korrupsion omillarning bartaraf etilishiga erishiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1