AsosiyIqtisodiyot

Birjada paxta yog`i va benzin narxi tushdi

'Birjada paxta yog`i va benzin narxi tushdi'ning rasmi

O`tgan hafta davomida, ya`ni 24 – 30 may kunlari «O`zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi» AJning barcha savdo platformalarida 1 895,4 mlrd so`mlik tovarlar sotilgan bo`lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 3,1% ga ko`pdir. Bunda sotuvlarning 87,7% - birja savdolari; 1,5% - ko`rgazma-yarmarka savdolari; 10,5% - elektron davlat xaridlari va 0,3% - avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to`g`ri keldi.

Paxta yog`i

O`tgan haftada birja savdolarida 1 629,0 tonna paxta yog`i sotildi. O`tkazilgan savdolarda har kuni o`rtacha 163 ta xaridor ishtirok etdi.

Ko`rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog`ining kunlik o`rtacha narxlari pasayish holatlarini namoyon etdi. Xususan, o`tgan dushanba-payshanba kunlari o`rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 16 140,1 ming so`mdan 15 586,0 ming so`mgacha, ya`ni 3,4% ga pasaydi. Biroq haftaning so`nggi savdo kunida kotirovka biroz ko`tarilib 16 653,9 ming so`mni tashkil qildi.

Hafta yakunlariga ko`ra 1-navli paxta yog`ining haftalik kotirovkasi mahsulotni bir tonnasi uchun 17 718,6 ming so`mni tashkil etdi.

Benzin

O`tgan haftada birja savdolariga 23 737,0 tonna AI-80 markali avtomobil benzini qo`yildi va ulardan 16 729,1 tonnasi, ya`ni 70,5% sotildi. O`tkazilgan savdolarda har kuni o`rtacha 45 xaridor ishtirok etdi.

Ko`rib chiqilayotgan davrda AI-80 markali avtomobil benzinning o`rtacha kunlik narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 6 673,4 ming so`mdan 6 644,1 ming so`mgacha pasaydi.

Ko`rib chiqilayotgan davrda AI-80 rusumli avtomobil benzinning o`rtacha haftalik kotirovkasi 6 663,5 ming so`mni, AI-91 – 7 702,8 ming so`mni tashkil etdi.

Eslatib o`tamiz, turli manbalarda keltirishicha avtomobil benzinining bir tonnasi o`rtacha 1293-1370 litrni tashkil qiladi.

    Boshqa yangiliklar