O`zbekistonning Samarqand viloyati va Tojikistonning Xatlon viloyatida barpo etilgan ijtimoiy ob`ektlarning rasman ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Prezidentlar Shavkat Mirziyoev va Emomali Rahmon ramziy tugmani bosib, ularning faoliyatiga start berdilar. Bu haqda Prezident Matbuot kotibi xabar berdi.

Xatlon viloyatining Ko`bodiyon tumanidagi tibbiyot majmuasi O`zbekiston tomonidan qurilgan. Ushbu 250 o`rinli zamonaviy ko`p tarmoqli shifoxona yiliga 75 ming nafar bemorga xizmat ko`rsatish imkoniyatiga ega. Majmuada jarrohlik, urologiya, ko`z xastaliklari, intensiv davolash va reanimasiya, pediatriya, travmatologiya, ginekologiya, homiladorlik patologiyasi, tug`ruqdan keyingi tiklanish va terapiya bo`linmalari mavjud.

Majmua tarkibidagi poliklinika bir smenada 300 nafar va bir yilda 219 ming nafardan ziyod bemorga xizmat ko`rsatishga mo`ljallangan.

Tojikiston tomonidan Samarqand viloyatining Urgut tumanida umumta`lim maktabi barpo etilgan. U 640 nafar o`quvchiga mo`ljallangan.

Maktabning uch qavatli binosida 26 ta sinf, sport zali, faollar zali, oshxona, kutubxona, mehnat darslari va ixtisoslashtirilgan mashg`ulotlar uchun sinflar mavjud. O`quv maskani kompyuter texnikasi va laboratoriya jihozlari bilan ta`minlangan.

Marosimda ikki mamlakat vakillari so`zga chiqib, davlat rahbarlariga birodar mamlakatlarimiz o`rtasidagi do`stlik va mehr-oqibatni mustahkamlashga, fuqarolarimiz uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratayotgan alohida e`tibori uchun minnatdorlik bildirdilar.






