2016 yil 21 yanvarda e`lon qilingan “O`zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksini tasdiqlash to`g`risida”gi qonun bilan yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi tasdiqlandi. Kodeks qoidalari shu yil 21 apreldan kuchga kiradi.
Yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi 12 bo`lim, 59 bob va 412 moddadan iborat. Unda bojxona faoliyatiga doir tushunchalar aniq va tushunarli tarzda bayon etilgan: O`zbekiston Respublikasining bojxona hududi va chegarasi, bojxona maqsadlari, yuridik va jismoniy shaxslar, tovarning kuzatuv hujjatlari kabilarga to`liq izoh berilgan.
Kodeksda tovarlarni va transport vositalarini bojxona chegarasi orqali olib o`tishga oid qoidalar o`rin olgan. Ularni bojxona chegarasi orqali olib o`tish shartlari, bu jarayonda talab etiladigan hujjatlar ro`yxati ko`rsatilgan. Demak, tovarlar va transport vositalari bojxona hududiga olib kirilayotganda, avtotransport vositasida xalqaro tashish chog`ida avtotransport vositasiga taalluqli, tovarga taalluqli hujjatlar talab etiladi. Bu suv, havo, temir yo`l transportida xalqaro tashish kabilarga ham taalluqli.
Yangi tahrirdagi Bojxona kodeksining kuchga kirishi O`zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyati samaradorligi yanada oshishiga xizmat qiladi. Ichki bozorni sifatsiz va kontrabanda mahsulotlaridan himoya qilishning, xo`jalik yurituvchi sub`ektlar, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari, shu jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlarning jahon bozorlariga chiqishi uchun qo`shimcha qulay tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratadi.





