AsosiySavol-javob

Bemor parvarishi davri stajga qo`shiladimi?

Kelin bo`lganimga 15 yil bo`ldi, shundan buyon qaynotamni parvarish qilib kelaman. Hozir qaynotam 90 yoshda. Ayting-chi, qaynotamni parvarish qilgan davrim  stajga qo`shiladimi?

Gulasal Sa`dullaeva, Xorazm viloyati

M.ZIYaDULLAEV, Byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasi ijro etuvchi direktorining birinchi o`rinbosari

“Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi Qonunning 37-moddasi “d” bandiga asosan I guruh nogironiga yoki 16 yoshgacha bo`lgan nogiron bolaga, shuningdek, o`zgalarning parvarishiga muhtoj bo`lgan 80 yoshga to`lgan qariyalarga qarab turilgan vaqt davolash muassasasining xulosasiga ko`ra, ish stajiga qo`shib hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasining “Davlat pensiyalarini tayinlash va to`lash tartibi to`g`risida”gi Nizomning 35-bandi “d” kichik bandiga muvofiq, I guruh nogironini yoki 16 yoshgacha bo`lgan nogiron bolani, shunigdek o`zgalarning parvarishiga muhtoj bo`lgan 80 yoshga to`lgan keksaga qarab turish vaqti pensiya tayinlash uchun zarur bo`lgan ish stajiga faqat qarab turgan va qarab turishga muhtoj bo`lgan shaxs bilan birga yashaganlardan biriga qo`shib hisoblanadi. 

Nizomning 65-bandiga binoan, I guruh nogironi yoki 16 yoshgacha bo`lgan nogiron bolaga, shunigdek 80 yoshga to`lgan keksaga qarab turish vaqti:

  • qarab turishning haqiqiy holatlarini tekshirish dalolatnomasi;
  • nogironlikda bo`lganlikni, yoshni tasdiqlaydigan hujjatlar va o`zganing parvarishi zarurligi to`g`risida davolash muassasasining tibbiy xulosasi asosida belgilanadi.

Qarab turishning haqiqiy holatlarini tekshirish dalolatnomasi fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organidan olingan ma`lumotlar va qarab turilgan shaxslardan, shuningdek, ularning qo`shnilaridan so`rab chiqish asosida Pensiya jamg`armasi bo`limi tomonidan tuziladi. Dalolatnomalarning rasmiylashtirishning davriyligi har 12 oyda belgilanadi.

    Boshqa yangiliklar